Har kuni kasalxonalarda minglab odamlar davolanadi. Biroq bu yerda sog‘lom odamlar ham eng xavfli kasalliklarni yuqtirib olishadi. Gap shundaki, eshik tutqichlari va boshqa obektlarni deyarli barcha tashrifchilar, hatto turli infeksiya tashuvchilar ham ushlaydi. Kasallik tarqalishining oldini olish uchun kasalxona ishchilari yuzalarni antibakterial vositalar bilan artishadi. Biroq kelajakda eshik tutqichlarini artish haqida unutish mumkin bo‘ladi.
Avstraliyalik olimlar bakteriyalarning tashqi qobig‘ini maydalab, yo‘q qiluvchi materialni yaratishdi.

Antibakterial material
Yangi tibbiy material haqida ACS Biomaterials Science & Engineering jurnalida ma'lum qilingan. Mazkur yangi material uchun deraza, fasad konstruksiyalari, sport anjomlari, avtomobil va boshqalarni ishlab chiqarishda qo‘llanadigan alyuminiy qotishmasi asos bo‘lgan. Ana shu materialdan ishlangan eshik tutqichi uch soat davomida keng tarqalgan ishqor – natriy gidroksidi bilan qayta ishlandi.
Ishqor juda zaharli modda bo‘lgani uchun alyuminiy qotishmasining yuzasi ko‘plab «taroqcha»lar bilan qoplandi. Biroq ularni bir qarashda payqash qiyin, chunki taroqchalarni faqat mikroskop ostidagina ko‘rish mumkin. Odamlar uchun mazkur materialdan ishlangan eshik tutqichi biror o‘ziga xos jihati bilan ajralib turmaydi, biroq xavfli bakteriyalar uning ustiga tushganida ularning tanasi bir necha qismga bo‘linib ketadi.
Qayd etish joizki, yangi material xavfsiz bakteriyalarni ham o‘ldiradi.

Ehtimol, mikroskopik taroqchalarga ega materialning o‘ldirish xususiyati haqida avstraliyalik olimlar hamkasblaridan bilishgandir. 2013 yilda avstraliyalik biofiziklar ayrim hashoratlar qanotlaridagi notekisliklar «antibakterial» xususiyatga egaligini aniqlashgan. Bakteriyalar qanot yuzasida paydo bo‘lganida ularning tashqi po‘stlog‘i bir necha o‘tkir taroqlarga yopishadi va cho‘zilishni boshlaydi. Oxir-oqibat hujayra po‘stlog‘i shu darajada cho‘ziladiki, yirtilib ketadi, hujayra ichki qismini ozod qiladi va bakteriyalar qirilib ketadi. Masalan, Psaltoda claripennis hasharotining qanotlari ham antibakterial xususiyatga ega.

















