O‘zbekiston | 22:30 / 12.06.2020
4108
4 daqiqa o‘qiladi

XMT bosh direktori bilan Munosib mehnat bo‘yicha yangi dasturni ishlab chiqishga kelishib olindi

Bugun, 12 iyun kuni Oliy Majlis Senati raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi raisi Tanzila Norboyeva hamda Xalqaro mehnat tashkiloti bosh direktori G.Rayder ishtirokidagi videokonferensiya tarzida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Videokonferensiyada  O‘zbekistonning pandemiya sharoitida aholini ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash borasidagi tajribasi to‘g‘risida so‘z yuritildi. Bundan tashqari, XMTning konvensiyalarini implementatsiya qilish borasidagi ishlar hamda ushbu tashkilot bosh direktorining O‘zbekistonga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarning ijrosi muhokama qilindi.

Videokonferensiyada Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva O‘zbekistonda bu borada olib borilayotgan ishlarga batafsil to‘xtaldi. Xususan, pandemiya oqibatida kelib chiqadigan global inqirozning ta'sirini yumshatish, aholi daromadlarini saqlab qolish, korxonalarning barqaror faoliyat yuritishini ta'minlash borasida muhim choralar ko‘rilayotganiga urg‘u berdi.

Tanzila Norboyevaning so‘zlariga ko‘ra, hozirda XMTning tavsiyalari asosida joriy yil oktabr oyiga qadar yashash minimumi va minimal iste'mol savatchasining huquqiy asoslari ishlab chiqilmoqda.  

“Prezidentimiz tomonidan pandemiyaning aholi turmush tarzi va iqtisodiyot tarmoqlariga ta'sirini yumshatishga oid 17 ta farmon va qarorlar qabul qilindi. Bu hujjatlar aholi bandligi va ijtimoiy himoyasini ta'minlash, biznesni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

O‘zbekiston tomonidan qabul qilinayotgan inqirozga qarshi choralar XMTning pandemiyaga qarshi to‘rtta asosiy tamoyiliga to‘la mos kelishini ham alohida qayd etish maqsadga muvofiq.  

Shuningdek, 2020 yildan boshlab paxta yetishtirish va sotish bo‘yicha davlat buyurtmasi bekor qilindi. Bu bizga paxta yetishtirishda bosqichma-bosqich bozor munosabatlariga o‘tish va majburiy mehnatdan foydalanishga ko‘maklashuvchi muhim omillarni bartaraf etish imkonini beradi.

Albatta, hali majburiy mehnatga to‘liq barham berish, milliy qonunchiligimizni xalqaro standartlarga moslashtirish borasida ishlarimiz ko‘p. XMT bilan yaqin hamkorlikda mamlakatimizda xalqaro mehnat standartlarini amaliyotga tatbiq etish ishlarini davom ettiramiz”, dedi Senat raisi.

Videomuloqotda qayd etilganidek, joriy yilda birinchi marotaba Milliy ma'ruzachi tomonidan ushbu yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, O‘zbekiston prezidentiga axborot berildi.

Bundan tashqari, tadbirda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi, Savdo-sanoat palatasi raisining mazkur yo‘nalishdagi faoliyati yuzasidan axborotlari eshitildi.

Videomuloqotda XMT bosh direktori O‘zbekistonda pandemiya oqibatida kelib chiqadigan global inqirozning ta'sirini yumshatish, aholi daromadlarini saqlab qolish, bandligini ta'minlash va munosib mehnat sharoitlarini yaratish borasida keng ko‘lamli va samarali ishlar olib borilayotganligini alohida e'tirof etdi. Shu bilan birga, bu boradagi ishlarning samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha taklif va tavsiyalarini bildirdi.

Shuningdek, onlayn uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan Munosib mehnat bo‘yicha yangi Mamlakat dasturini ishlab chiqishga kelishib olindi.

Mavzuga oid