16:14 / 16.06.2020
8137

Indoneziya bu yil o‘z fuqarolarini hajga yubormaslikka qaror qildi

Dunyo bo‘yicha eng ko‘p musulmon yashovchi, Haj mavsumida eng ko‘p kvotaga ega davlat – Indoneziya koronavirus pandemiyasi tufayli 2020 yilda o‘z fuqarolarini Haj ziyoratiga yubormasligini e'lon qildi.

Foto: Saudi Press Agency via Reuters

Indoneziya Din ishlari vaziri Faxrul Roziyning so‘zlariga ko‘ra, Saudiya Arabistoni rasmiylaridan ishonchli javob olinmagach, hukumat Haj-2020 dasturini bekor qilishga qaror qilgan.

«Bu juda og‘riqli va qiyin qaror bo‘ldi. Lekin zimmamizda ziyoratchilarimiz va ularga xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarimizni himoya qilish mas'uliyati bor», – degan vazirning Jakartada bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanidagi so‘zlarini keltirmoqda «Al-Jazir.

Uning ta'kidlashicha, hukumat avvaliga ziyoratchilarning yarmini yuborishni rejalashtirgan, keyinchalik esa ularning barchasi uyda qolishlari ma'qul, degan qarorga kelgan.

Vazirning qo‘shimcha qilishicha, o‘tgan oyda Indoneziya Ar-Riyodni Haj mavsumi bo‘yicha qarorini e'lon qilishga chaqirgan, keyinroq prezident Joko Vidodo Saudiya Arabistoni podshohi Salmon bin Abdulaziz Al-Saud bilan shu masalada telefon orqali muloqot qilgan.

Qayd etish kerak, har yili dunyo bo‘yicha eng ko‘p indoneziyaliklar haj amalini ado etadi. Bu yil mamlakatning 221 mingdan ortiq fuqarosi ziyoratga yo‘l olishi kutilgan edi. Shundan 90 foizi uchun mehmonxonalarda joy buyurtirib qo‘yilgan, 180 mingdan ortiq ziyoratchi safar uchun to‘lovlarni to‘lab bo‘lgan. Endilikda ularning Haj safari kelgusi yilga qoldirildi.

Saudiya Arabistoni rasmiylari Umra tadbirlari vaqtincha to‘xtatilganini bildirgan. Har yili 2,5 millionga yaqin musulmon Makka va Madina shaharlariga yig‘iladigan Haj mavsumining joriy yilda tashkil etilishi ham so‘roq ostida qolmoqda.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top