O‘zbekiston | 19:08 / 17.06.2020
12243
3 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoda toshqindan so‘ng ta'mirlanayotgan uylarga eshik-deraza o‘rnatish ishlari yakunlandi

1814ta ta'mirtalab holatdagi uyni ta'mirlash uchun 562ta pudratchi tanlab olingan. Sardoba tumanidagi 63ta ko‘p qavatli uy tiklab bo‘lmas holga kelgan, ulardan 39tasi buzildi.

Foto: Favqulodda vaziyatlar vazirligi

17 iyun kuni AOKA shtabida «Sardoba» talafotlarini bartaraf etish bo‘yicha qilinayotan ishlar yuzasidan brifing bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Brifingda Qurilish vazirligi boshqarma boshlig‘i Jalol Arashev ofatdan zararlangan uylarni ta'mirlar ishlari bo‘yicha axborot berdi.

«Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarining talofat ko‘rgan mahallalarida aniqlangan 1814ta ta'mirtalab holatdagi uy Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar kesimida ta'mirlash uchun taqsimlangan.

Ta'mirlanishi rejalashtirilgan uylarga 562ta pudratchi tashkilotlar tanlanib, ta'mirlash ishlari olib borilmoqda.

Mazkur ishlarga 14 697 nafar ishchi va 753ta maxsus transport vositalari jalb qilingan.

Pudrat tashkilotlari tomonidan tom ishlari deyarli tugallangan; rom, deraza va eshiklar o‘rnatilgan; pol, elektr ishlari, santexnika va isitish, ichki va tashqi pardozlash, tashqi devorlarni ta'mirlash va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Ta'mirlash ishlari uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyalarining har biri 5 mlrd so‘mdan moliyalashtirilgan», – dedi Jalol Arashev.

Ko‘p qavatli uylar ta'miri

Qurilish vazirligi rasmiysiga ko‘ra, Sardoba tumanidagi Yurtdosh, Qo‘rg‘ontepa, Do‘stlik; Oqoltin tumanidagi Saxovat, Navoiy; Mirzaobod tumanidagi Navbahor mahallalarida joylashgan 148ta ko‘p qavatli uy to‘liq xatlovdan o‘tkazilgan.

«Xatlov natijalari bo‘yicha dalolatnomalar rasmiylashtirildi. Shundan 63tasi yaroqsiz holatda (Sardoba), 36tasi ta'mirtalab (Mirzaobodda 11ta, Oqoltinda 12ta, Sardobada 13ta uy).

2020 yilning kuz oylarigacha ko‘p qavatli uy-joylarni ta'mirlash va foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, ko‘p qavatli uy-joylarni ta'mirlash va ularning tutash hudududlarini obodonlashtirish ishlari uchun jami 19 mlrd 128 mln so‘m mablag‘ talab etiladi.

Jumladan, uylarni ta'mirlash uchun 12 mlrd 94 mln so‘m, obodonlashtirish ishlariga 7 mlrd 34 mln so‘m sarflanadi.

Shuningdek, Sardoba tumani «Do‘stlik» mahallasi hududida suv toshqini natijasida yaroqsiz holatga kelgan 396ta xonadonga ega 39ta ko‘p qavatli uy buzildi», – dedi Arashev.

Mavzuga oid