O‘zbekiston | 15:33 / 20.06.2020
2269
3 daqiqa o‘qiladi

Britaniya nashriyoti O‘zbekiston madaniy merosi haqida kitob chop etadi

Buyuk Britaniyadagi Scala nashriyot uyi O‘zbekistonning muzey kolleksiyalari va madaniy merosi to‘g‘risidagi kitoblarni nashr qiladi. Bu haqida Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi xabar qilmoqda.

O‘zbekistonning Britaniyadagi elchixonasi ko‘magida Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda Scala nashriyot uyi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolangan bo‘lib, mazkur hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston muzeylari va madaniy merosi haqida so‘zlovchi bir qator kitoblar chop etilishi ko‘zda tutilgan.

Birinchi kitob Qoraqalpog‘istondagi Savitskiy muzeyi tarixi va uning kolleksiyasiga bag‘ishlangan bo‘lib, nashrni tayyorlash ishlari boshlab yuborilgan. Savitskiy muzeyi Markaziy Osiyoning asosiy san'at muzeylaridan biridir. Muzey kolleksiyasi Rossiya va Turkiston avangardlari to‘plamlari orasida ahamiyati va hajmi bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda turadi. Bundan tashqari, muzeyda Qoraqalpog‘iston xalq ijodiyoti buyumlari va qadimiy Xorazm san'atiga tegishli ashyolar mavjud.

Savitskiy nomidagi muzey

Kitobda amaliy san'at asarlaridan tashqari, Aleksandr Volkov, Robert Folk, Mixail Kurzin, Nikolay Karaxon va boshqa mualliflarning asarlaridan iborat muzey kolleksiyasidagi eng mashhur tasviriy san'at asarlari kiritiladi.

“O‘zbekiston nihoyatda boy madaniy merosga ega mamlakat. O‘zbekiston haqida juda ko‘p odamlar bilishadi, u dunyo bo‘ylab e'tiborga loyiq. Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi bilan hamkorlikda tayyorlaydigan nashrlarimiz dunyoning turli burchaklaridan tashrif buyuruvchilarni muzeylar, galereyalar va me'moriy meros obidalariga jalb qiladi, degan umiddamiz”, deydi Scala nashriyotini rivojlantirish bo‘yicha direktor Nil Titman.

Scala – muzey to‘plamlari va individual rassomlarning kitoblarini chop etishga ixtisoslashgan eng yirik nashriyot uylaridan biri bo‘lib, Ermitaj davlat muzeyi, Tretyakov davlat galereyasi, Metropoliten san'at muzeyi, Jorj Pompidu nomidagi milliy san'at va madaniyat markazi, Bilbaodagi Guggenxaym muzeyi va dunyoning boshqa yirik san'at muassasalari uning hamkorlari sanaladi. Nashriyot uyida Endi Uorxol, Devid Xokni, Pablo Pikasso va boshqa yirik rassomlarining asarlari nashr etilgan.

Саодат Абдураҳмонова
Tayyorlagan Саодат Абдураҳмонова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid