Jamiyat | 22:45 / 20.06.2020
56727
2 daqiqa o‘qiladi

Yunusoboddagi to‘y kelin va 12 nafar ishtirokchining koronavirusga chalinishiga sabab bo‘ldi. Yuzlab odamlar karantinga olindi - SSV

Hozirda bo‘lib o‘tgan tadbirlarda ishtirok etgan va ular bilan muloqotda bo‘lgan barcha fuqarolar, o‘nlab oila a'zolaridan Covid-19ga tahlil olinib, statsionar va uy karantinida tibbiy kuzatuvga olindi.

Foto: KUN.UZ

Yunusobod tumanida yashovchi fuqaro to‘rt kun ichida ikki nafar farzandining ketma-ket o‘tkazilgan nikoh to‘yi sababli ham kelin, ham 12 nafar marosim ishtirokchisi ushbu koronavirus infeksiyasiga chalingan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi.

Qayd etilishicha, ayni paytda ko‘plab odamlar ushbu infeksiyani yuqtirib olganlikda gumon qilinib, tahlil natijalarini kutmoqda.

Hozirda bo‘lib o‘tgan tadbirlarda ishtirok etgan va ular bilan muloqotda bo‘lgan barcha fuqarolar, o‘nlab oila a'zolaridan Covid-19ga tahlil olinib, statsionar va uy karantinida tibbiy kuzatuvga olindi. Epidemiologik surishtiruv ishlari davom etmoqda.

“Ko‘rib turganingizdek, ehtiyot choralari ko‘rilmas ekan, ba'zi holatlarda tug‘ilgan kun, to‘y va boshqa shu kabi tadbirlar fuqarolarning kasallikni ommaviy yuqtirib olishiga sabab bo‘lmoqda. Bu barchamizdan zarurat bo‘lmaganda ommaviy va oilaviy tadbirlar o‘tkazishdan hamda unda ishtirok etishdan vaqtinchalik tiyilib turishimiz kerakligini ko‘rsatmoqda. Bu esa o‘zimiz va yaqinlarimizning salomatligi uchun bebaho qoida ekanligini unutmasligimiz kerak.

Shu o‘rinda xulosa o‘rnida shu kunlarda poytaxtimizdagi Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasida koronavirusga chalingan 49 yoshli bemorning nafas yetishmovchiligidan qanchalik qiynalayotganligi haqidagi 10 soniyalik videolavhani e'tiboringizga havola etamiz”, deyiladi vazirlik xabarida.

Avvalroq Toshkent shahrida tug‘ilgan kun nishonlanishi oqibatida 13 kishi virusga chalinganligi haqida xabar berilgandi.

Mavzuga oid