Sport | 14:56 / 26.06.2020
15006
16 daqiqa o‘qiladi

«Liverpul» – chempion. Klopp qo‘ygan poydevor, eng og‘ir o‘yinlar va eng yaxshi futbolchi haqida

APLning 31-turi doirasida «Chelsi» «Manchester Siti»ni yenggach (2:1), «Liverpul» turnir jadvalida mavsum yakuniga 7 tur qolganida raqiblar yetib bo‘lmas darajada oldinga chiqib ketdi va 1990 yildan buyon ilk marta Angliya chempionatida g‘olib chiqdi.

Foto: Gettyimages.ru/ Michael Regan

Quyida Spors.ru nashrida e'lon qilingan Vitaliy Suvorov muallifligidagi, «Liverpul»ning bir, yo‘q, har qanday muxlisining kechinmalarini aks ettirgan material havola etiladi. 

O‘ttiz yildagi ilk chempionlik

2015 yilning oktyabrida Yurgen Klopp Jon Lennon aeroportiga qo‘nganida, butun shaharni o‘z xarizmasi bilan ishg‘ol qilgandi. Besh yil o‘tib, u o‘zini «Liverpul» tarixidagi buyuk murabbiylar qatoriga qo‘sha oldi – agar hozir u haqida jamoa muxlisidan so‘rasangiz, boshqacha ta'rif topa olmaydi.

Klopp uddaladi.

«Liverpul» uddaladi.

Ey Xudo, bu voqealarni miyamga sig‘dirish uchun yana bir nechta karantin kerak bo‘ladi menga.

Qiziq, chempionlik mavsumi klub tarixidan kelib chiqqanda, biz uchun noodatiy bo‘ldi. So‘nggi yigirma yil «Enfild»ni biz jilovsiz, lekin havaskorlarga xos samimiy futboli bilan eslardik – yigitlar yo so‘nggi sekundlarda portlab dahshatli kambek qiladilar yoki kutilmagan xatolar bilan minglab qalblarni chilparchin... Boshqa variant yo‘q edi shunchaki.  

To‘g‘ri, uch oylik tanaffus, g‘alati shartlar o‘sha o‘zimiz bilgan, «Liverpul» muxlislari o‘rganib qolgan vaziyatni yaratdi, ammo Kloppning ushbu mavsumdagi asosiy fokusi boshqa edi. Ha, qachondir kutilgan sovrin kelishini bilardik, lekin bu darajada kuchli, xotirjam, ishonchli, butun liga ustidan yaqqol ustunlikni namoyish etgan holda amalga oshishini o‘ylamasdik ham. 2019 yilning yanvaridan to 2020 yilning fevraligacha go‘yoki jamoa ichiga Maykl Jordanning ruhi kirib olgandi – yigitlar qarshisida kim turishidan qat'i nazar, shunchaki, yutqazishni bilishmasdi.

Eng sevimli daqiqam? «Vulverhempton»ga qarshi yanvardagi uchrashuv. Bir epizod. Bu o‘yin «Liverpul»ning qirqinchi mag‘lubiyatsiz seriyasi bo‘lgandi. Bu uchrashuvdan ikki hafta oldin «bo‘rilar» «Manchester Siti»ni tiz cho‘ktirishgandi. Adama Traore esa, ro‘para kelish istalmaydigan tabiat hodisalari ichida sunami va zombilar armiyasidan keyingi uchinchi o‘ringa chiqib olgandi. O‘sha kuni «Liverpul» himoyachilarini tomosha qilish og‘riqli edi. Traorega to‘rt kishilashib tashlanishar, Roberson uning fonida yong‘inni o‘chirish uchun stakan bilan kelgan odamga o‘xshardi. 

Albatta, «Liverpul» avvalroq ham qattiq qarshiliklarga uchragan, ammo bunisi butunlay boshqa daraja edi. Bu stadiondan tirik holda chiqish imkonsizdek tasavvur uyg‘otardi. Mag‘lubiyatsiz seriya davom etishi mumkinligidan umid qilish imkonsizdek. Shunday bo‘lardi ham, lekin bu mavsumda emas. Himoyachilar bilan kurashda ustun kelgan Henderson Trentning burchakdan uzatgan to‘pini darvozaga joyladi, o‘yin tugashiga o‘n daqiqa qolganda esa, Firmino «Liverpul»ga mavsumdagi 22-g‘alabani olib keldi. Operatorlar o‘sha vaziyatda o‘lib qolayozgan Nunu Santuni ko‘rsatishdi – murabbiy bo‘shliqqa qarab qolgan, beixtiyor lablaridan «jin ursin, bunaqa bo‘lishi mumkin emas» deyayotganini his qilish mumkin edi. Butun mavsum «Liverpul» raqiblari xuddi shunday vaziyatga tushishdi – o‘sha o‘yinga ancha bo‘ldi, ammo haliyam qanday uddalanganini tushuna olmayman.

Yanvarning oxiriga kelib, «Liverpul»ning sovrin sari yurishi birovni hayron qoldirmay qo‘ydi. Shu darajadaki, Kloppning sehrli aurasi raqiblarni maydonga tushmay turib ham yengib qo‘yardi.

«Liverpul» juda ko‘p o‘yinlarni so‘nggi daqiqalarda qutqargan davr ham bo‘ldi. «Lester» bilan o‘yinda Milnerning penaltisi, yuqorida eslangan Firminoning zarbasi, noyabrda Mane «Villa»ga qarshi o‘yinda, yana Firmino, bu safar «Kristal Pelas» darvozasiga – jamoa doimiy ravishda «Enfild»dan tashqarida qiyinchiliklarga uchradi.

Buning ustiga, Klopp har oy qaysidir yetakchi futbolchisidan jarohat tufayli ayrilar, bechora fanatlar esa, Mane yoki Alissonning yo‘qligi endi jamoaga qancha ochkoga tushishi mumkinligini hisoblashga kirishardilar. Ha, odatda bunday holatlar muammoga aylanishi turgan gap, lekin jamoada shunday kuch hosil bo‘lgandiki, o‘rinbosarlar bosim ostida qolish o‘rniga, qo‘rqmasdan o‘z imkoniyatlarini kutishardi.

Adrian deyarli bir o‘zi «Enfild»ga Yevropa Superkubogini olib keldi, keyin esa, qatorasiga yetti g‘alabali o‘yinda posbonlik qildi. Origi ikki marotaba kubok o‘yinlarida zaxiradan tushishi yetarli bo‘ldiki, u «Everton» bilan o‘yinda masalan, g‘alaba goliga hammuallif bo‘ldi. Adam Lallana «Manchester Yunayted»ga qarshi o‘yinni 85-daqiqada qutqarib qoldi. Oks «Vest Hem»ni hal qildi, «Genk»ni tiz cho‘ktirdi. Milner «Lester» darvozasiga dubl qayd etib, «Sauthempton» bilan o‘yinda muhim assistni amalga oshirdi. Veynaldum «Sheffild» bilan o‘yinda uch ochko olib keldi. Keyta klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida «Monterrey»ga qarshi porladi, hatto Lovren ham chetda qolmadi, «Napoli» bilan o‘yinda Milnerning uzatmasini golga aylantirdi.

Bu holat jamoaning o‘ziga bo‘lgan ishonchini osmonlarga ko‘tardi. Deyarli hammasi qo‘ldan kelayotgandi. «Manchester Yunayted»ga qarshi yanvardagi o‘yin «Liverpul» uchun qatorasiga yettinchi gol o‘tkazilmagan o‘yiniga aylandi. APLda bunday seriya 2006 yildan beri birinchi marta ro‘y berayotgandi. Mana shu yetti o‘yinda, ishonasizmi, darvozabon va himoyachilar qo‘shimcha vazifalarni ham uddalashdi – birgalikda 5 golga assist. O‘sha «Yunayted»ga qarshi o‘yinning so‘nggi daqiqalarida Alissonning Salohga uzatmasi ham bor. Van Deyk esa, hisobni ochgandi.

«Manchester Yunayted» ustidan g‘alabadan so‘ng, «Enfild» sovrin haqida ilk bor kuylashni boshladi. Atigi uch yil oldin bunday orzular dunyoni izdan chiqarib, qandaydir asteroidning yerga to‘qnashishi bilan tugagan bo‘lardi, lekin rostan ham, o‘sha kuni chempionlikka hech qanday shubha qolmagandi. Hatto pandemiya ham «Liverpul»ga to‘g‘anoq bo‘la olmasligi keyinroq, o‘z isbotini topdi.

Butun mavsum davomida omad Kloppni ta'qib qildi, lekin bu jamoaning muhitiga, jiddiyligiga va mehnatkashligiga ta'sir qilmadi. «Manchester Siti»dan kilometrli masofalarda o‘zib ketgan «Liverpul» o‘yinchilari bir muddat ham bo‘shashmadilar.

«Agar «Zalsburg» bilan o‘yindan keyin kiyim almashtirish xonamizga kirganingizda, bizni mag‘lubiyatga uchragan, deb o‘ylagan bo‘lardingiz – deydi Oks, - «yigitlar juda jahllari chiqqan, o‘zlaridan qoniqmayotgan edilar, hatto Klopp kelib, bizni aslida g‘alaba qozonganimizni eslatishga majbur bo‘ldi».

Aytish mumkinki, «Liverpul»dagi yoqimli jihat shu. Ya'ni ma'nodaki raqobat, g‘alabalarga va natijalarga ochlik futbolchilarni qamrab olgan. Salohning bir marta to‘p oshirmagani uchun Manening qanday holatga tushganini, o‘rindiqni sindirib yuborishiga sal qolganini eslang. Yoki doim Alissonning soyasida yurgan Adrianning «men bu yerdaman, shunchaki zaxirada o‘tirib kutmayman, bir muddat bo‘shashishga Alissonning haqqi yo‘q» degani yoki hatto 21 yoshli Trentning kerak bo‘lganda, barchani oldinga undashini aytish mumkin. Mas'uliyatdan qochadigan hech kim yo‘q. Sovrinlar mana shunday xarakter bilan yutiladi.

Va bunday munosabatning ramzi sifatida bir paytlar hatto jamoa muxlislari ham yomon ko‘radigan bir insonni ko‘rsatish mumkin. Keling, endi bemalol, ovoz chiqarib aytaylik, «Liverpul»da sovrin uchun eng loyiq odam kim bo‘lsa, u – Jordan Henderson.

Uning so‘nggi o‘n yilda nimalarni boshdan kechirganini ko‘ring:

Aleks Fergyuson Jordanni «Manchester Yunayted»ga olinmaganining sababi sifatida, uning g‘alati yugurishini aytgandi. Yigirma yoshingizda televizorni yoqib, dunyodagi eng buyuk murabbiyning siz haqingizda shunday deyayotganini tasavvur qiling-da?

2013 yilda Xendo otasining juda og‘ir kasalligi haqida eshitdi.

Bir qator mutaxassislar va muxlislar tomonidan uning nafaqat sardorlik bog‘ichi, balki tarkibdan joyga ham loyiq emasligi haqidagi tanqidlar...

Rojyers bilan bog‘liq noqulay holat. Murabbiy Jordanga doim o‘zini terma jamoa sardoridek his qilishni tavsiya qilgan. Bu ma'lumot ommaga oshkor bo‘lib qolganda, kulmagan odam juda kam edi.

Yana bir yanada noqulay holat. «Liverpul» sport direktori Damen Komollini aynan «Hendersonni sotib olgani uchun» haydab yuborishgan. Tasavvur qilyapsizmi? Jiddiy. Komolli o‘z intervyusida aytgandi – «Menga «nima uchun ketayotganingni bilasanmi? Hendersonni sotib olding» deyishdi. Iste'foga chiqarilayotgan kunimda menga Hendersonga sarflangan mablag‘ isrof bo‘lganini aytishdi».

Mario Balotelli 2015 yildagi bir o‘yinda Hendersonning qo‘lidan to‘pni tortib olib, penalti tepgandi va keyin, «Xendersondan lider chiqmaydi» deb har yerda gapirib ham yurdi.

Yaqinda Hendersonning sardorligiga besh yil to‘ladi va hech qaysi futbolchi klubning chempionlik yo‘lini, Hojsondan Kloppgacha, Borinidan Salohgacha, Liga kubogidan. O‘sha o‘yin, «Liverpul» yer bilan bitta bo‘lgan «Vulvz»ga qarshi o‘yinda Henderson har ikki golda ishtirok etdi. Undan oldinroq, klublar o‘rtasidagi jahon chempionatiga borib, markaziy himoyachi sifatida yordam berdi. Sovrinni Kloppning qo‘lida tasavvur qildirgan o‘yin – «Sauthempton» bilan gol plyus pas. «Norvich»ga qarshi o‘ta qiyin uchrashuvni eslang? «Atletiko»ga qarshi muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng, «Liverpul»da rostanam muammolar boshlangani haqida ayta boshlashganda, Manening yagona goliga kim assist qilgandi? Henderson.

Maurizio Borsari/AFLO

Fevralning oxiriga kelib, Jordan jarohat tufayli safdan chiqqanida, «Liverpul» zo‘rg‘a «Vest Hem»ni yutdi, «Uotford»dan shapaloq yedi, kubok o‘yinida «Chelsi»dan chiqib ketdi. O‘shanda Opta yigitlari qiziq statistikani o‘rtaga tashladilar – Henderson bilan birga 34 o‘yinda 6 mag‘lubiyat, usiz esa, 13 o‘yinda 5 mag‘lubiyat.

«Hayron qolmaymanki, aynan jarohat tufayli Henderson Angliyaning eng yaxshi o‘yinchisiga aylanadi. Ba'zida futbolchining qadri uning yo‘qligida bilinadi», degandi o‘shanda Gari Lineker.  

Klopp ham xuddi shu tezisni qo‘llab-quvvatlagandi.

«Henderson shunchaki, yaxshi o‘ynabgina qolmasdan, sheriklarini ham yaxshiroq o‘ynashlariga sabab bo‘ladi. Gap faqat gapirib, ko‘rsatma berib turishda emas, Hendo hech qachon o‘zi bajarmagan ishni boshqalardan talab qilmaydi», deydi murabbiy.

Tabiiyki, bu fikrlar chetda qolmadi va qishning oxiriga kelib, Hendersonni Mane va De Bryuyne bilan birga yilning eng yaxshi o‘yinchisi bo‘lishga asosiy da'vogar sifatida tilga ola boshladilar. Tvitterda bir paytlar Darren Bent tomonidan tilga olingan fikrlar ham paydo bo‘ldi.

«Hendo – men o‘z ko‘zlarim bilan uning mashg‘ulotdan ko‘tarib olib chiqib ketilganini ko‘rganman. Qattiq harakat qilganidan yuragi tez ura boshlagandi. O‘shanda murabbiy unga «sal sekinroq, aks holda yurak xuruji bilan maydondan olib chiqib ketishadi» degandi», deya eslaydi «Sanderlend»da u bilan birga o‘ynagan Darren.

Albatta, agar mahorat, iqtidor haqida gap ketsa, Jordan asosiy yulduz sifatida tilga olinmaydi. Lekin qizig‘i, aynan shu mavsumda «Liverpul»da o‘sha biz o‘rganib qolgan asosiy yulduz yo‘q edi. 2009 yilda yigitlar Torres va Jyerrardning yelkasida sovrin uchun kurashgandilar. 2014 yildagi bayramda esa, dijyeylik pulti Luis Suaresning qo‘lida edi. Hatto 2018 yilgi YeChL yo‘lida Muhammad Saloh asosiy yulduz bo‘lgan. Bu mavsumdachi? «Liverpul» o‘yinlarni yutar ekan, hammaga teng holatda suyandi. Sado Mane eng yorqin porlagan bo‘lsa-da, Saloh, Henderson, Roberston, Trent, Fabino, Alisson va Van Deyk undan uzoqda emaslar. 

Eng yomonini nima aytaymi?

«Zalsburg»ga qarshi o‘yin oldidan raqib murabbiyi Jyessi Marshning shogirdlarini «Liverpul» bilan o‘yinga qanday tayyorlayotgani haqidagi video internetda tarqalgandi. Tabiiyki, matbuot anjumanida Yurgendan bu haqida ham so‘rashdi. Uning mana shunday holatdagi videosi tarqalsa, qanday yo‘l tutishi bilan qiziqishdi.

«Men darhol iste'foga chiqardim», deb javob berdi Yurgen.

Ya'ni biz uning «Enfild»dagi ishlari, nimalar bilan shogirdlarini shu darajaga olib chiqqani haqidagi hujjatli filmni ko‘ra olmas ekanmiz.

Boshqa tarafdan, «Liverpul»ning so‘nggi besh yili shu qadar tig‘iz, tez, voqealarga boy, chiroyli, tomoshabop o‘tdiki, hech qanday serial bu yerda real voqelikka tenglasha olmaydi. Yurgen esa, kadr ortidagi har xil ssenaristlarsiz ham bizni zeriktirmaydi.

«Liverpul» – chempion.

Klopp – buyuk murabbiy.

Endi hech qanday e'tirozsiz!».

Mavzuga oid