Jahon | 22:39 / 29.06.2020
9263
2 daqiqa o‘qiladi

Braziliyada 700 kilometrlik chaqmoq kuzatildi. Bu rekord

Butunjahon meteorologik tashkilotining ekstremal ob-havo va iqlim hodisalari bo‘yicha ekspertlari qo‘mitasi yangi jahon rekordi haqida ma'lum qildi. Gap shundaki, Braziliyada 2018 yil 31 oktyabrda kuzatilgan chaqmoq eng uzun deb topildi. Uning uzunligi hayratlanarli darajada bo‘lib, gorizont bo‘yicha 700 km.ni tashkil qilgan.  

Foto: Getty Images

Psys.org nashrining xabar berishicha, «megachaqmoq» Braziliyaning janubiy qismida qayd qilingan. Qo‘mitada ta'kidlanishicha, bu uzunlik AQShning Boston va Vashington shaharlari yoki London va Shveytsariyaning Bazel shaharlari o‘rtasidagi masofaga teng. Avvalgi rekord natija 2 marta kichikroq bo‘lgan: AQShning Oklahoma shtatida 2007 yil 20 iyunda qayd qilingan chaqmoqning uzunligi 321 km.ni tashkil qilgan.  

Rekord chaqmoqlar yerga yaqin orbitadagi sun'iy yo‘ldoshlar bortidagi chaqmoqlarni kuzatish qurilmasi yordamida qayd qilingan.

Bundan tashqari, mutaxassislar chaqmoq davomiyligi bo‘yicha yangi rekord qayd qilinganini ma'lum qilishgan. Ularning ta'kidlashicha, Argentinaning shimoliy qismi uzra 2019 yil 4 mart kuni yuz bergan chaqmoq osmonda 16,73 soniya ushlanib turgan. Bu boradagi avvalgi rekord 7,74 soniyani tashkil qilib, 2012 yil 30 avgustda Fransiyadagi momaqaldiroq vaqtida qayd qilingan.

Qo‘mita vakili Rendall Chervenining ta'kidlashicha, texnologiyalar mukammallashgani sayin olimlar bundan ham kattaroq rekordlarni qayd qilishlari mumkin bo‘ladi. Bunday tabiat hodisalari haqidagi ma'lumotlar esa Butunjahon meteorologik tashkilotining ekstremal ob-havo va iqlim hodisalari arxivida saqlanadi.

Mavzuga oid

E`lonlar