O‘zbekiston | 13:01 / 01.07.2020
2073
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Fransiya uchuvchilar tayyorlash bo‘yicha qo‘shma dasturlar tuzadi

Uchuvchilarni tayyorlash maqsadida talabalar akademik mobillik dasturlarini yo‘lga qo‘yish ham rejalashtirilgan.

Foto: Transport vazirligi axborot xizmati

O‘zbekiston Transport vazirligi ko‘magida Fransiyaning Fuqarolik aviatsiyasi milliy maktabi (ENAC) hamda Tuluza biznes maktablari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, kelajakda aviatsiya sohasi uchun malakali uchuvchilar, yetuk mutaxassislarni tayyorlash maqsadida videomuloqot tashkil etildi.

Transport vazirligi xabariga ko‘ra, videomuloqotda Fransiyaning Fuqarolik aviatsiyasi milliy maktabi, Tuluza biznes maktabi hamda Airbus kompaniyasining vakillari bilan O‘zbekiston Transport vazirligi va Toshkent davlat transport universiteti o‘rtasidagi istiqbolli rejalar muhokama qilindi.

Muhokamalar yakunida bir qator yo‘nalishlarda memorandum tuzishga kelishib olindi. Xususan, Toshkent davlat transport universitetida o‘quv bazasini yaratish, fuqaro aviatsiyasi uchuvchilarini tayyorlash yuzasidan bakalavriat va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha qo‘shma dasturlar tuzish ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, uchuvchilarni tayyorlash maqsadida talabalar akademik mobillik dasturlarini yo‘lga qo‘yish, professor-o‘qituvchilarni Fuqarolik aviatsiyasi milliy maktabida malaka oshirish va stajirovka dasturlari bo‘yicha o‘qishga yuborish nazarda tutilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid