Fillar o‘limi mart oyidan Okavango daryosi deltasida qayd etila boshlangan. Deta hududini aylanib chiqqan mutaxassislar may oyi oxirigacha 169ta jasadni hisoblashgan. Iyun oyi o‘rtalarida takroriy hisoblashdan keyin esa ushbu ko‘rsatkich ikki barobarga oshgan, halok bo‘lgan fillarning ko‘pchiligi suv obektlari yaqinidan topilgan.

Foto The Guardian

Britaniyaning tabiatni muhofaza qiluvchi «Milliy bog‘ni qutqarish» (National Park Rescue) tabiatni muhofaza qilish tashkiloti direktori Nayl MakKanning BBC muxbiriga aytishicha, «qurg‘oqchilik yillaridan boshqa davrda fillarning bu qadar ommaviy qirilishi kuzatilmagan». Har ikki jinsdagi va har qanday yoshdagi fillar nobud bo‘lgani kuzatilgan. Omon qolgan fillar ham zaiflashib, oriqlagan, bu esa o‘limlar yana davom etishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Fillar nimadan o‘lgani hozircha aniq emas. Botsvana hukumati halok bo‘lgan hayvonlarning tahlillarini tadqiq etishni hozircha yakunlagani yo‘q. Olimlar ikkita versiyani ilgari surmoqda – noma'lum patogen yoki zaharlanish. 

Avvaliga ularni  Zimbabvedan bo‘lgan brakonerlar sianid bilan zaharlangani taxmin qilingandi. Ammo, birinchidan, nobud bo‘lgan fillardan dandon tishlari kesib olinmagan, brakonerlar faqat shuning uchun jonivorlarni o‘ldirishi mumkin. Ikkinchidan, ularning jasadi bilan oziqlangan o‘laksaxo‘rlar o‘limi kuzatilmagan, mahalliy aholi vakillari fillar jasadiga quzg‘unlar galasi odatdagidek ko‘p bo‘lib yopirilmagani haqida aytishgan. Boshqa bir taxminga ko‘ra, jonivorlar sibir kuydirgisidan zararlangan bo‘lishi mumkin, o‘tgan yili Botsvanada bu kasallik tufayli 100dan ortiq fil halok bo‘lgandi. Ammo bu talqin ham rad etildi, fillar o‘limiga koronavirus sabab bo‘lgani ehtimoli ham qo‘llab-quvvatlanmadi.

Yovvoyi tabiat muhofazasi bo‘yicha mutaxassislarning hisoblashicha, fillar boshqa bir kasallikdan jabrlanishgan yoki boshqa moddadan zaharlangan. Mahalliy aholi vakillarining ta'kidlashicha, ular fillar aylana bo‘lib yurganini ko‘rgan. MakKanning so‘zlariga ko‘ra – bu nevrologik buzilishdan dalolat.

Foto The Guardian

«Agar ba'zi jasadlarga qarasak, fillar yuztuban bo‘lib yotganini ko‘rish mumkin. Bu ular juda tez vaqt ichida halok bo‘lganini anglatadi. Boshqalari, davra bo‘lib yurganlari esa sekinroq jon berishgan, shuning uchun qanday zahar haqida gap ketayotganini aytish qiyin», deya Nayl MakKanning so‘zlarini keltirmoqda