XXI asrda dunyo AQSh prezidentlari bilan bog‘liq ikkita diqqatga molik hodisaga guvoh bo‘ldi. Birinchisi –  mamlakatda nihoyat afroamerikalik prezident bo‘ldi. Ha, kechagina, XX asrning 70-yillarigacha qora tanlilarni odam o‘rnida ko‘rmaydigan, qonun bilan ularning haq-huquqlarini cheklab qo‘ygan AQShda XXI asrga kelib qora tanli inson prezident bo‘ldi. Ikkinchi e'tiborli voqea – milliarder odamning AQSh prezidenti bo‘lganidir. Ya'ni, Donald Tramp.

To‘g‘ri, AQSh tarixida boy prezidentlar avval ham bo‘lgan, ammo ularning orasida milliarderi yo‘q edi. Shu jihatdan Trampning AQSh prezidenti bo‘lishi noodatiy hodisa bo‘ldi. Bu milliarder-prezident Finlyandiya mustaqil davlat ekanini, Buyuk Britaniyada yadro quroli borligini bilmaydigan darajada «dono» bo‘lishi undan-da noodatiy voqea. Axir AQSh prezidenti bo‘lgan insonlarning aksariyati qanchalik yuksak bilimli bo‘lganiga tarix guvoh.

Tramp prezidentlikka kelganidan buyon g‘alati gaplari, bayonotlari, qarorlari bilan ko‘pchilikning hayratlanishiga sabab bo‘lib kelmoqda. Masalan, AQShning YuNeSKO safidan chiqib ketishi haqida gapiradigan bo‘lsak, u Barak Obama davrida boshlangan jarayonni ijobiy tugatib qo‘yish imkoniyatiga ega bo‘lishiga qaramasdan, aksincha vaziyatni murakkablashtirib yubordi. Yoki bo‘lmasa, Xitoy bilan iqtisodiy urush mamlakatga faqat zarar keltirdi.

Tramp o‘tgan yil yana bir jiddiy mojaroga o‘ralashib qoldi – unga impichment xavf soldi. AQSh prezidenti joriy yilda ham bir qancha sinovlarni boshidan o‘tkazyapti va ularning aksariyati Tramp uchun noxushlik bilan tugamoqda. Quyida so‘nggi ikki yilda Trampning reytingini tushirgan voqealarni eslaymiz.

Xitoy bilan savdo urushi

Tramp Xitoy bilan savdo urushini 2018 yilda boshladi. O‘shanda u Xitoy kompaniyalarini AQSh bilan savdo munosabatlarida g‘irromlik qilishda ayblab chiqdi va Chin yurtidan keladigan mahsulotlarga bojni oshira boshladi. Albatta, Xitoy tomoni ham qarab turmadi va AQShdan Xitoyga kirib keladigan mahsulotlarga boj joriy qildi. O‘shangacha AQSh mahsulotlari Xitoyga bojsiz kirgan.

Ammo kuchlar teng emasdi. Gap shundaki, 2015-2017 yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasi yiliga 600-700 milliard dollarni tashkil etgan va bunda Xitoy musbat saldoga ega bo‘lgan. Aniq raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, savdo aylanmasining 500-550 milliard dollari Xitoy eksportiga, atigi 100-150 milliard dollari AQSh eksportiga to‘g‘ri kelgan. Bu ham Trampning Xitoy mahsulotlariga bojni oshirishiga sabab bo‘lgandir.

Qo‘llangan «choralar» sabab 2018-2019 yillarda Xitoyning AQShga eksporti biroz pasaydi. Ammo norasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, Xitoy 2018-2019 yillarda ham AQShga avvalgi yillardan kam bo‘lmagan eksportni amalga oshirgan. Ya'ni, boj to‘lashi lozim bo‘lgan Xitoy mahsulotlari AQShga Hongkong va Vetnam mahsulotlari bo‘lib kirgan.