O‘zbekiston | 20:51 / 09.07.2020
12256
2 daqiqa o‘qiladi

Nurmat Otabekov viloyatlarda dezinfeksiya vositalarini qimmat narxlarga sotib olish holatlariga munosabat bildirdi

Bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov ayrim viloyatlarda Sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi markazlari mansabdorlarining davlat mulkini talon-toroj qilganiga doir xabarlarga munosabat bildirdi.

AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Kun.uz muxbirining: «Dezinfeksiya qilish foydasiz ekani xorijiy ekspertlar tomonidan aytilmoqda. Qolaversa, bunday mahsulotlar sarfi, ularning narxiga doir shaffoflik bo‘lmagani bois, budjet mablag‘larini katta miqdorda o‘zlashtirish hollari qayd etildi. Shunga ko‘ra, bunday vositalar qancha turadi, ularning sarf-xarajati qachon shaffoflashtiriladi?» – degan savoliga Nurmat Otabekov quyidagicha javob berdi.

«Ming afsuski, sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi agentligi tizimidagi ba'zi bir viloyatlar sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi markazlarida dezinfeksion vositalarni qimmat narxda sotib olish va undan bir manfaat ko‘rish holatlari qayd etilayotgani prokuratura departamenti tomonidan aniqlanmoqda.

Albatta, ularning barchasi haqida OAVda ma'lumotlar berib borilyapti. Bir narsani bilamiz, O‘zbekiston sharoitida qonun buzilishiga yo‘l qo‘ygan shaxs javobgarlikka tortilishi muqarrar. Agar o‘sha rahbarlar vaziyatni to‘g‘ri tushunmasdan, kalta o‘ylab, bu qabih ishlarga qo‘l urgan bo‘lsa, ularga qilmishiga yarasha jazoni hukumat va qonunchilik bera oladi», – dedi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i.

Eslatib o‘tamiz, Bosh prokuratura Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Buxoro va Navoiy viloyatlari sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazlari mansabdorlari dezinfeksiya qilish vositalarini qimmat narxlarda xarid qilish orqali bir necha yuz million so‘m davlat mablag‘ini o‘zlashtirganini xabar qilgan edi.

Mavzuga oid