Xabarovskning hibsdagi gubernatorini qo‘llab o‘tkazilgan mitinglarda politsiyaga samimiy rahmat aytildi
Rossiyaning Xabarovsk o‘lkasi gubernatori Sergey Furgal 15 yil avval tadbirkorni o‘ldirishda gumonlanib hibsga olindi. U ikki yil avval bo‘lib o‘tgan saylovda Kreml tomonidan qo‘llab-quvvatlangan «Yedinaya Rossiya» partiyasi nomzodi – 2009 yil 30 apreldan o‘lkaga gubernatorlik qilib kelgan Vyacheslav Shportni yenggandi.
Rossiya liberal demokratik partiyasidan bo‘lgan Furgal qotillikda ayblanib hibsga olinganidan so‘ng partiya yetakchisi Vladimir Jirinovskiy Davlat Dumasida hokimiyatni keskin tanqid ostiga olib chiqish qildi.
U RLDPni Dumadan olib chiqib ketish bilan tahdid qildi.
11 iyul kuni o‘lkaning ma'muriy markazi Xabarovsk shahrida hibsga olingan Sergey Furgalni qo‘llab-quvvatlab miting tashkillashtirildi. Shahar ko‘chalariga o‘n minglab namoyishchilar chiqishdi: aksiya shahar tarixidagi eng kattasi bo‘lganini qayd etishmoqda.
Garchi u avvaldan kelishilmagan bo‘lsa-da, politsiya mitingga va shahar ko‘chalari bo‘ylab yurishlarga monelik ko‘rsatmagan.
«Meduza» muxbiri miting sabablari, norozilik namoyishi istiqbollari haqida xabarovsklik faollar bilan suhbatlashgan.
«Odamlar birinchi navbatda o‘z tanlovini himoya qilgan va «Bu bizning tanlovimiz» deya baqirishgan. Men miting qatnashchilari bilan suhbatlashdim: hech kim gubernator go‘yoki 2004-2005 yillarda sodir etgan jinoyat uchun ushlanganiga ishonmayapti. Shaharning qariyb barcha aholisi bunda siyosiy buyoq ko‘rmoqda va o‘z tanlovlarini oxirigacha himoya qilmoqchi.
2018 yilda Furgalni saylashganda, odamlar Shportga qarshi ovoz berish uchun borishgandi. 2019 yilda RLDP g‘alaba qozonganida odamlar gubernatorni himoya qilish uchun saylovga kelishgan — o‘shandayoq uning ustidan mag‘zava ag‘darish boshlangan edi. Bu ham tanlovni himoya qilish bo‘lgan edi. Hozirgi miting – o‘sha tarixning davomi.
Aksiya davomida birorta provokatsiya bo‘lgani yo‘q. Oq uy oldida bir odam politsiyaga rahmat aytishni taklif qildi. Boshqa mitinglardan farqli o‘laroq, politsiya umuman aralashgani yo‘q. Xalq ham ularga «rahmat» deb baralla baqirdi!» — degan RLDPdan Xabarovsk shahar dumasi deputati Aleksandr Kayan.
«Furgal — xabarovskliklar qilgan tanlov, keyin prezident administratsiyasidan moskvalik tushunarsiz amakilar kelib, bu tanlovni tortib olishmoqchi. Odamlar bunga qarshi chiqishmoqda», — degan Aleksey Navalniyning Xabarovskdagi shtabi rahbari Aleksey Vorsin.
Furgalning o‘rniga gubernator vazifasini bajaruvchi insonga nisbatan xabarovskliklar qanday munosabatda bo‘lishadi, degan savolga Vorsin shunday javob bergan:
«Bu — tayinlanadigan o‘sha inson nima qilishiga ham bog‘liq. Lekin bu lavozimga o‘tirishni istovchilar unchalik ko‘p bo‘lmasa kerak. Vaqtinchalik bajaruvchi kim bo‘lmasin, Furgalni men qamaganim yo‘q-ku, deya vaziyatdan chiqishga harakat qiladi. Lekin tayinlangan har qanday insonga avval boshdan ishonchsizlik bildiriladi, har qanday xatosi bee'tibor qolmaydi. Vazifa bajaruvchi bo‘lib bir oy ishlar, saylovda baribir unga yomon bo‘ladi.
Bu yerda Moskva tomonidan tayinlanadigan inson g‘alaba qozona olishiga hech qanday imkoniyat ko‘rmayapman. Qandaydir ayyorona sxema tuzishga, mahalliylardan kimnidir tortishga harakat bo‘ladi. Ayrim hududlardagidek, markazdan FXX xodimini jo‘natish qo‘llaridan kelmaydi. Bunaqa nomzodga bu yerda ishlash oson bo‘lmaydi».
Mavzuga oid
14:20
RF atletlariga neytral maqomda OO‘ga yo‘llanma olish uchun ruxsat berildi
11:41
Rossiya va Ukraina halok bo‘lgan harbiylar jasadini almashdi
23:32 / 20.12.2024
OAV: 2024 yilda Ukrainadagi urushda 20 mingdan ziyod rossiyalik harbiy halok bo‘ldi
17:48 / 20.12.2024