O‘zbekiston | 15:02 / 14.07.2020
22820
3 daqiqa o‘qiladi

Andijon shahri IIO FMBga yangi boshliq tayinlandi. Avvalgi rahbar qiynoq voqeasi tufayli ishdan ketgandi

Ichki ishlar vazirining shaxsiy tarkib bo‘yicha buyrug‘i bilan lavozim tayinlovlari amalga oshirildi. Vazirlik matbuot xizmati xabar berishicha, respublikaning to‘rt hududida yangi IIB boshliqlari ish boshlagan, Andijon shahar bo‘yicha ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasiga yangi boshliq tayinlangan.

Podpolkovnik Shohruxbek Xolmuhamedovich Nazirov Andijon viloyati Andijon shahar bo‘yicha ichki ishlar organlari (IIO) faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi (FMB) boshlig‘i vazifasini bajaruvchisi lavozimiga tayinlandi.

Shohruxbek Nazirov

Tayinlovga qadar Sh.Nazirov Andijon viloyati IIB Jinoyat qidiruv boshqarmasi boshlig‘i lavozimida xizmat qilgan.

Boshqarmaning sobiq rahbari Sodiq Usmonov shu yilning iyunida Andijon shahar IIO FMB 4-son IIB xodimlari IIB ma'muriy binosida fuqaroga qiynoq qo‘llab, uni o‘ldirib qo‘yishi ortidan ishdan olingandi.

Shuningdek, Qoraqalpog‘istonning Ellikqal'a, Namanganning Chortoq, Samarqandning Kattaqo‘rg‘on va Farg‘onaning Buvayda tumanlarida ham IIBning yangi boshliqlari ish boshlagan.

Podpolkovnik Usmanjan Tengelovich Sitmuratov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal'a tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.

Usmanjan Sitmuratov

Tayinlovga qadar U.Sitmuratov Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV Tergov boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida xizmat qilgan. 

Tumanning sobiq IIB rahbari podpolkovnik Baxtjan Izbasarov shu yilning mayida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi.

Podpolkovnik Otabek Kamoliddinovich Jabborov Namangan viloyati Chortoq tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.

Otabek Jabborov

Tayinlovga qadar O. Jabborov Namangan viloyati IIB Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari - terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i lavozimida xizmat qilgan.

Chortoq tumani IIBning avvalgi boshlig‘i Sobitxon Abdurayimov 8 iyul kuni o‘tkazilgan prezident videoselektori davomida ishdan olingandi.

Podpolkovnik Xondamir Allayorovich Umarov Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahar ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.

Xondamir Umarov

Tayinlovga qadar X.Umarov Samarqand viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi yo‘l-patrul xizmati bataloni komandiri o‘rinbosari-shtab boshlig‘i lavozimida xizmat qilgan.

Kattaqo‘rg‘on shahar IIB boshlig‘i lavozimida 2019 yil martidan buyon mayor Otabek Rustamovich Muhammadiyev ishlab kelayotgandi.

Podpolkovnik Rustamjon To‘rayevich Hayitov Farg‘ona viloyati Buvayda tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.

Rustamjon Hayitov

Tayinlovga qadar R.Hayitov Farg‘ona viloyati IIB Jinoyat qidiruv boshqarmasi qidiruv ishlarini tashkil etish bo‘limi boshlig‘i lavozimida xizmat qilgan.

Mavzuga oid