Senat qo‘mitasi Andijondagi voqeani qoralab chiqdi. Voqea qimmatbaho tosh tufayli kelib chiqqani ma'lum bo‘ldi
Andijon viloyati Andijon shahar bo‘yicha ichki ishlar organlari (IIO) faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi (FMB) boshlig‘i podpolkovnik Sodiq Usmonov ishdan olindi. Bu haqda senator Qutbiddin Burhonov ma'lum qildi.
Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov Andijon shahar Ichki ishlar boshqarmasi xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlariga munosabat bildirdi va jinoyat ishining ayrim detallarini oshkor qildi.
Ma'lum qilinishicha, Andijon shahar ichki ishlar organlarining rahbari hisoblangan Sodiq Usmonov O‘zbekiston ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovning 14 iyun kungi buyrug‘i bilan egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.
«Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon shahar ichki ishlar boshqarmasi xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari bir fuqaroning hayotiga zomin bo‘lganligi bilan bog‘liq holat keng muhokama etilayotir. Ushbu holat bo‘yicha o‘tkazilgan xizmat tekshiruviga ko‘ra, Andijon shahar Ichki ishlar boshkarmasi Jinoyat-qidiruv bo‘limi tezkor vakili E.Rayimjonov hamkasblari F.Xusanboyev va Q.Qodirovlar bilan birga fuqaro A.Sotvoldiyevning qimmatbaho toshini olib, qaytarib bermayotgan A.Abdukarimovga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘rab yozgan arizasi yuzasidan o‘zboshimchalik bilan tekshiruv olib borishgan.
2020 yil 29 may kechasi Andijon shahar Navro‘z mahallasida yashovchi A.Abdukarimovning xonadoniga tezkor vakil E.Rayimjonov F.Xusanboyev bilan birga borib, uni Ichki ishlar bo‘limi ma'muriy binosiga olib kelib psixologik va jismoniy bosim o‘tkazib, 30 may ertalab soat 06:00ga qadar noqonuniy ushlab turib, uning huquqlari, qonuniy manfaatlari va sog‘lig‘iga jiddiy zarar yetkazganlar.
Oqibatda, fuqaro tan jarohat olib, hushini yo‘qotgan va respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon viloyat filialiga yotqizilgan. Jabrlanuvchi A.Abdukarimovga shifokorlar tomonidan zarur tibbiy yordam ko‘rsatilishiga qaramasdan, olgan og‘ir tan jarohatlari tufayli fuqaro 2020 yil 11 iyunda vafot etgan.
Joriy yilning 30 may kuni Andijon shahar prokuraturasi tomonidan katta leytenant F.Xusanboyev, katta leytenant E.Rayimjonov va katta leytenant Q.Qodirovlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqka olish ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Shu o‘rinda aytish kerakki, Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan joriy yilning may oyida o‘tkazilgan huqubuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilikka qarshi kurashish holatini o‘rganish jarayonida Andijon shahar ichki ishlar idoralari faoliyatidagi bir qator salbiy holatlar qayd etilib, IIO FMB boshlig‘i podpolkovnik Sodiq Usmonovning egallab turgan lavozimiga qanchalik loyiq ekanligi masalasi ko‘tarilgan edi. Bu jihat Qo‘mitamizning 25 may kuni Andijon viloyatida o‘tkazilgan sayyor majlisida qabul qilingan qarorda ham aks ettirilgan.
Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi bu kabi holatlarni qat'iy qoralaydi va kelajakda jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha aniq choralar ko‘rilishini talab qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining 2020 yil 14 iyun kungi buyrug‘i bilan podpolkovnik Sodiq Hakimmurzayevich Usmonov egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Andijon shahrida sodir bo‘lgan mazkur holat Qo‘mitamiz tomonidan nazoratga olindi va biz adolat to‘liq qaror topishini, bunday fojyealar boshqa takrorlanmasligini ta'minlash uchun barcha imkoniyatlarimizni ishga solamiz», deb qayd etadi senator.
Ma'lumot uchun, podpolkovnik Sodiq Usmonov 2019 yil iyun oyida Andijon viloyati Andijon shahar bo‘yicha ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan edi. Bungacha u Asaka tumani IIB boshlig‘i bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, Andijon shahar IIO FMB 4-son IIBning xodimlari fuqaro A.A.ni IIB ma'muriy binosiga olib kelib, uning hayoti va sog‘ligi uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatib, noqonuniy ravishda ushlab turgan. A.A. sog‘lig‘i yomonlashganligi sababli Andijon shahar IIO FMB 4-son IIBdan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filialiga yotqizilgan va 11 iyun kuni vafot etgan.
Bundan avvalroq Bosh prokuratura ushbu holat yuzasidan IIBning uch nafar xodimiga nisbatan ayblov e'lon qilingan, ular qamoqqa olingani, hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilayotgani haqida ma'lum qilgandi.
Mavzuga oid
11:09 / 08.11.2024
Andijonda kottejlar qurish uchun yer hujjatini rasmiylashtirib berish evaziga 230 ming dollar talab qilgan shaxs ushlandi
14:41 / 06.11.2024
5 sotix yerni fuqaroga rasmiylashtirib bermoqchi bo‘lgan ekologiya bo‘limi bosh inspektori 20 ming dollar bilan ushlandi
16:17 / 02.11.2024
Andijonda ishchidan alimentdan qarzini ushlab qolmagan fermer jarimaga tortildi
11:52 / 02.11.2024