Jahon | 19:11 / 17.07.2020
8875
2 daqiqa o‘qiladi

Lukashenko YeOIIda muammolar yetarlicha ekanligini aytdi

Belarus prezidentining so‘zlariga ko‘ra, YeOII doirasidagi ko‘plab kelishuvlar bajarilmayapti.

Foto: Reuters

 Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko YeOIIda muammolar ko‘pligini, aksariyat kelishuvlar bajarilmaganini aytdi.

"Kelishilgan narsalar bajarilmaganligi nuqtai nazaridan Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqida muammolar juda ko‘p.  Buning ustiga, to‘siqlar ham yetarli. To‘siqlar sababli davlatlararo chegaralar shu darajaga kelib qolganki, biznes: "Davlatlar o‘rtasida chegara o‘rnatinglar, bizga shunisi osonroq bo‘ladi" deydi. Chegara go‘yoki yo‘qdek, ammo chegaradagi musodaralar, zo‘riqishlar ortig‘i bilan", - dedi Lukashenko Minskda Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan uchrashuv chog‘ida.

 U Belarus va Armanistonning YeOII faoliyati bilan bog‘liq umumiy muammolari borligini qayd etdi.

"Bizning iqtisodiyotlarimiz deyarli bir xil, biz iqtisodiyotning real sektoriga tayanamiz, bizda boshqa hamkasblarimizdagi kabi uglevodorodlarning ulkan zaxirasi yo‘q. Narxlar tushib ketganida bizga qiyin bo‘ladi: Qozog‘iston va Rossiya katta imkoniyatlarga ega, bizda bu imkoniyatlar yo‘q", - dedi Belarus prezidenti.

Iyunda Qozog‘iston bilan chegarada to‘planib qolgan yuzlab Qirg‘iziston yuk mashinalari bilan bog‘liq vaziyat sababli Bishkek Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasidagi vakillarini chaqirib olishga va hatto YeOIIda ishtirok etishini savol ostiga qo‘yishga ham tayyorligini bildirgandi.

Mavzuga oid