O‘zbekiston | 16:01 / 17.07.2020
1834
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ixtisoslashtirilgan arxivlar tashkil etiladi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «O‘zbekiston Respublikasining «Arxiv ishi to‘g‘risida» qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishga tayyorlanmoqda. Bu haqda palata rasmiy saytida xabar berildi.

Foto: Fotolia

Ta'kidlanishicha, amaldagi «Arxiv ishi to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq tugatilgan tashkilotlar hujjatlarini davlat arxiviga topshirilishi belgilangan. Bu esa davlat arxivlarida Milliy arxiv fondi (doimiy saqlanadigan) hujjatlarning sifatli saqlanishiga, ya'ni saqlovxonalarda joy tanqisligi muammosini yuzaga keltirish bilan bir qatorda nodavlat arxivlarni rivojlantirishga to‘sqinlik qilmoqda.

Shuningdek, amaldagi qonunda Milliy arxiv fondi hujjatlarini doimiy saqlash huquqi berilgan ayrim vazirliklar, idoralar, tarmoq davlat fondlari va tashkilotlari arxivlari huquqiy maqomini belgilovchi norma yo‘q.

Press-relizda aytilishicha, yangi normalar «amaliyotdagi barcha muammolarni bartaraf etishga» qaratilgan.

Milliy arxiv fondi hujjatlarini doimiy saqlash huquqi berilgan ayrim vazirlik va idoralar, tarmoq davlat fondlari hamda tashkilotlarda davlat ixtisoslashtirilgan arxivlarini tashkil etish belgilanmoqda.

Davr talabidan kelib chiqib, arxiv hujjatlaridan foydalanishda qulayliklar yaratish, elektron bazalarni shakllantirish maqsadida tashkilotlar tomonidan arxiv hujjatlarini elektron nusxalari bilan topshirish normasi loyihaga kiritilmoqda.

Shuningdek, tugatilgan tashkilotlar arxiv hujjatlarini tegishli arxivlarga, shu jumladan nodavlat arxivlariga ham topshirish belgilanmoqda.

«Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi nodavlat arxivlarni rivojlantirish, hujjatlar yo‘qolishining oldini olish, fuqarolarning ijtimoiy huquqlarini himoya qilish hamda davlat arxivlari o‘zlarining asosiy vazifalari, ya'ni Milliy arxiv fondi hujjatlarini sifatli jamlash, hisobini yuritish, saqlash va foydalanishga xizmat qiladi», – deyiladi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati axborotida.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid