Ikkinchi dovon: O‘zbekistonda so‘nggi bir oy ichida Covid-19'dan davolanayotganlar soni besh baravar oshdi
Karantinning birinchi oyida, 20 aprelda koronavirusdan davolanayotganlar soni birinchi dovondan oshdi (1361 kishi) va 11 mayda 488 kishiga tushdi. Aslida, yana ikki hafta intizom saqlanib, chetdan kelganlar izolyatsiyasi kuchaytirilganida, epidemiya tugardi.
Lekin karantin choralarining yumshatilishi va chegara ochilishi beparvolikka olib keldi, natijada davolanayotganlar soni yana oshdi — 15 iyunda 1225 kishiga va 16 iyulda 6208 kishiga yetdi.
Nazariy jihatdan, ikkinchi karantinda qat'iy intizom saqlansa, avgust o‘rtasida ikkinchi dovondan oshish va sentabr boshida epidemiyaning tugash bosqichiga o‘tish mumkin.
Covid-19 pandemiyasi Xitoyda yarim yil avval boshlangani bilan, bu va yana o‘ndan oshiq davlatlar o‘z vaqtida keskin choralar ko‘rishi va aholi buni to‘g‘ri tushunib, hamjihatlik bilan harakat qilishi tufayli epidemiyani jilovlashga erishdilar va ularda 2–3 oy karantindan so‘ng hayot deyarli o‘z yo‘liga tushib oldi, ba'zi cheklovlarga esa tezda moslashib olindi.
Lekin dunyo bo‘ylab pandemiya hamon avj olmoqda: aniqlangan kasallar soni 14 mln kishiga, o‘lganlar esa 600 ming kishiga yaqinlashdi. Mutaxassislar aniqlanmagan (simptomsiz) kasallar soni bundan ham ko‘pligini taxmin qilmoqdalar. Bir necha yirik davlatlarda amaldorlarning yengil-yelpi yondashuvi yoki o‘zaro kelishmovchiligi hamda aholining beparvoligi oqibatida kasallanganlar soni o‘sishining oxiri ko‘rinmayapti.
O‘zbekistonga shu yil mart o‘rtasida yetib kelgan epidemiya nisbatan yumshoq o‘tayotgani va davolanayotgan kasallar soni 20 aprelda eng katta miqdori — 1361 kishiga yetib, dovondan o‘tilgani va shundan beri pasayib borayotgani haqida aprel oxirida yozgan edim. Shundan so‘ng davolanayotganlar soni ikki haftada deyarli ikki baravar kamayib, epidemiya deyarli jilovlanib, so‘nayotganini va O‘zbekistonda epidemik jarayon Xitoy bilan o‘xshash borayotgani ham may boshida ta'kidlangandi.
Lekin epidemiya so‘nishi uni avj olishidan uzoqroq davom etishi va hatto takroriy boshlanish xavfi ham borligi o‘sha paytlar aytilgandi. Yana ikki-uch hafta, mayning oxirlarigacha intizom saqlanib, chetdan kirib kelganlar izolyatsiya muddati qat'iy o‘talganda, epidemiya deyarli tugardi. Lekin xalqni o‘ylab karantin choralari yumshatildi, iqtisod avvalgi holiga tushishiga harakat boshlandi, chegara ochilib, boshida 50 ming atrofida, keyin deyarli yana shuncha fuqarolar qaytishiga imkon berildi.
Afsuski, bu yumshatishlar ham aholi, ham nazorat qiluvchilarda beparvolikka olib keldi va natijada kasallik tarqalishidagi zanjirlar uzilish o‘rniga, epidemik jarayon yangidan boshlandi. Davolanayotganlar soni 11 mayda 488 kishiga tushgan bo‘lsa, bundan so‘ng yana osha boshlab, 15 iyunda 1225 kishiga va 18 iyulda qariyb 7 ming kishiga yetdi, ya'ni oxirgi bir oyda deyarli besh baravar oshdi.
O‘lim holatlari ham iyun boshiga nisbatan deyarli besh baravar oshib, 80 kishidan oshdi.
Natijada koronavirusdan davolashga moslashgan muassasalardagi o‘rinlar to‘lishga yaqinlashdi va demak, epidemik jarayon davolash sistemasini kollapsga olib kelishi xavfi paydo bo‘ldi. Buning chorasi sifatida 10 iyuldan 1 avgustgacha karantin qayta tiklandi.
Shunday qilib, O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasi aprelda davolanayotganlar soni bo‘yicha birinchi dovondan oshgan bo‘lsa, endi ikkinchi dovonga ham yaqinlasha boshladi. Shu borada ko‘pchilikni qiynayotgan savol bu — qachon ikkinchi dovondan oshamiz va qachon epidemiya so‘na boshlaydi?
Bunday epidemik jarayonlar turli modellar yordamida o‘rganilib, uning o‘tishi bosqichlari prognoz qilinadi. Aytish kerakki, prognoz bu bashorat emas, balki ehtimolga yaqin taxmin va shunday bo‘lishiga kafolat bermaydi (ob-havo prognozi kabi).
Quyida keltirilgan grafikda O‘zbekistondagi ikkala epidemik dovonini Gauss egri chizig‘i asosida qilgan prognozim keltirilgan. Birinchi dovonda modelning aniq ishlashi ikkinchi dovon prognozi ham ehtimolga yaqinligidan dalolat beradi. Grafikdan ikkinchi dovondan avgustning ikkinchi haftasida o‘tilishi, kasallar soni esa yana bir yarim marta atrofida oshishi ehtimoli kattaligi kelib chiqadi.
Yana shuni aytish lozimki, bu prognoz hozirgi sharoit yomon tomonga o‘zgarmagandagina o‘z kuchida qoladi. Agar 1 avgustdan yangi yumshatish boshlansa, sharoit o‘zgargani uchun dovondan oshish muddati yana keyinroqqa ko‘chishi mumkin.
Hozirgi holatga kelsak, afsuski deyarli bir hafta karantin davomida yangi kasallanayotganlar sonini kamayishi hali kuzatilmayapti, aksincha, oshib bormoqda.
Buning sabablaridan birinchisi — simptomsiz kasallanganlar faqat ishi yoki boshqa zarurat tufayli testdan o‘tgandagina aniqlanayotganidir. Ko‘p savdo, ovqatlanish va boshqa xizmat sohalari tiklanayotganda dalolatnoma talab qilingani uchun avval test o‘tish xayoliga ham kelmagan, lekin virus yuqtirgan bo‘lganlar ko‘plab aniqlana boshlandi. Endi esa bu xizmat sohalari ishi to‘xtatilgani uchun majburan test topshiruvchilar ham kamayadi va yangi holatlar soni ham biroz tushadi.
Lekin kasallar soni oshishining ikkinchi va asosiy sababi — beparvolik kayfiyatining keng tarqalganidir. O‘rnatilgan cheklovlar va talablarni yuzaki va «xo‘ja ko‘rsinga» bajarish, o‘zaro masofa saqlamaslik va epidemik gigiyenaga nomigagina rioya qilishdir. Bunga ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan «koronoskeptitsizm» ham katta hissa qo‘shmoqda. Bunday kayfiyatdagilar g‘alaba qozongan AQSh va Braziliyada kasallanish dunyo bo‘yicha kasallarning 47 foizini tashkil qildi va ularda yil davomida yo‘qotishlar va asoratlar grippga nisbatan solishtirib bo‘lmagan darajada katta bo‘lishi kutilmoqda.
Lekin koronoskeptiklarni fakt va mantiq emas, o‘zini yoki yaqinini boshiga bu makkor kasallik tashvishi tushgandagi azobgina qayta tarbiyalasa kerak.
Barchaga sabr va salomatlik tilayman.
Zohid Zokir
Mavzuga oid
17:49 / 14.08.2023
O‘zbekistonda koronavirusga qarshi sut sotuvi boshlandi
18:58 / 06.05.2023
JSST koronavirus hech qachon butunlay yo‘q qilinmasligini aytdi
19:23 / 05.05.2023
JSST koronavirus pandemiyasi tugaganini e’lon qildi
18:19 / 02.05.2023