29 aprelga kelib bir vaqtda davolanayotgan bemorlar soni 895 nafargacha tushdi. Bu esa virusdan zararlanish bilan bog‘liq jami 1969 holatning yarmisidan ham kam. Vafot etganlar soni tuzalgan 1066 kishining 1 foizidan ham kamroq — 8 kishi.

2020 yilda butun jahonni chulg‘ab olgan koronavirus pandemiyasi 34 million aholiga ega bo‘lgan O‘zbekistonda boshqa davlatlarga nisbatan ancha yumshoq ssenariyda kechmoqda. Buning sabablaridan biri mamlakat ilk holat (!) aniqlanganining ertasigayoq (!) yopilgani, bu esa o‘sha vaqtda hukumatning reaksiya ko‘rsatish tezligi bo‘yicha jahon rekordi bo‘lsa ajab emas.
Qat'iy karantin choralari sharofati bilan mamlakatda kasallikning qayd etilgan holatlari (1969 kishi) ham, kunlik yangi holatlar (so‘nggi ikki kunda 35 kishidan, bugun hozircha 30 kishi) ham nisbatan past darajada saqlanib turibdi. Koronavirusdan vafot etganlar soni karantinning birinchi oyida 8 kishini tashkil qildi, bu holatda mamlakatda gripp va boshqa O‘RK asoratlari oqibatida oyiga o‘rtacha yo‘qotishlar 200 kishini tashkil etadi.
Asosiysi, sog‘ayganlar soni ko‘paymoqda — ko‘rsatkich kuniga 100 kishi atrofida bo‘lmoqda, ularning umumiy soni 1000 nafardan oshdi, ya'ni sog‘ayganlar jami yuqtirgan bemorlar sonining yarmidan oshib ketdi, vafot etganlar esa sog‘ayganlar ulushining bir foizidan kamroq.
Shu va shunga o‘xshash bir qator ma'lumotlar, grafiklar rasmiy manbalarning xabarlarida, ularga tayanib ma'lumot tayyorlayotgan matbuot hamda tahlilchilar sharhlarida keltirilmoqda. Lekin insonlarning aksariyatiga, shuningdek mas'uliyatli qarorlar qabul qilayotganlarga ham bu raqamlar to‘plami va grafiklar tor doirali mutaxassislardek sinchiklab o‘rganish uchun emas, kuzatilayotgan vaziyatning mohiyati va mamlakat ayni damda jarayonning qanday bosqichida ekanligini anglashlari uchun kerak.

Shu jihatdan jahondagi va alohida mamlakatlar bo‘yicha xabarlarda birinchi navbatda kasallik yuqtirish hollari va vafot etganlar soni keltirilishi meni biroz gangitib qo‘yayotgan edi. Bu ma'lumotlar va ularga ilova qilinayotgan grafiklar har qanday epidemiya sharoitida o‘sishni ko‘rsatadi, grafiklarning «dumlari» uzoq oylarga cho‘zilishi mumkin, bu esa barchani dilgir qiladi.










