O‘zbekiston va Xitoyda davolanayotganlar sonining kunlik nisbiy o‘zgarishi juda o‘xshash va demak O‘zbekiston ham may o‘rtasidan karantindan chiqa boshlashini kutsa bo‘ladi.

O‘zbekistonda shu yil mart o‘rtasida boshlangan koronavirus epidemiyasi nisbatan yumshoq o‘tayotgani va davolanayotgan kasallar soni 20 aprelda eng katta miqdori – 1361 kishiga yetib, shundan beri pasayib borayotgani haqida 28 apreldagi maqolamda yozgandim. Shundan beri deyarli ikki hafta ichida davolanayotganlar soni deyarli ikki baravar kamayishga yaqinlashdi - 3 mayda 800 kishi atrofiga tushdi va kuniga 40 kishi atrofida kamayib bormoqda. Bu, demak, mamlakatda epidemiya jilovlanib, so‘nib borayotganidan darak beradi.

Lekin epidemiya so‘nishi uni avj olishidan uzoqroq davom etishi va hatto takroriy boshlanish xavfi ham borligi ma'lum. Shuning uchun O‘zbekistondagi holat epidemiyani boshidan kechirib, undan chiqib olgan qaysi mamlakat bilan bir xilda kechmoqda, degan savol muhimdir. Bu savolga javob topilsa, unda aholi qachon karantindan chiqarila boshlashini ham taxmin qilish mumkin bo‘lardi.

Mutaxassislar bu borada har kungi yangi kasallanganlar sonini tahlil qilib boradilar va shu son o‘zgarishi grafiklarini (epidemik egri chiziqlarni) chizib, shu asosda xulosa qilishadi. Ya'ni, yangi kasallar qo‘shilishi deyarli to‘xtasa, demak epidemiya so‘ndi, degan hulosa qilinadi. Meditsina nuqtayi nazaridan bu albatta to‘g‘ri va bir qaraganda yagona metod bo‘lib ko‘rinadi.

Lekin aholi hayot ehtiyojlari, mamlakat iqtisodiyoti va barqarorligi nuqtayi nazaridan kelib chiqilganda esa boshqa ko‘rsatkich – davolanayotgan kasallar sonining kamayib borib, karantin zonalaridagina qolgani muhimroqligi haqida xulosaga kelgandim. Chunki yangi kasallar karantin zonasida paydo bo‘laveradi va buning keti bo‘lmasligi mumkin, vaholanki mamlakat aholisiga bu jarayon deyarli ta'sir etmaydi. Boshqa mamlakatlar tajribasini o‘rganib chiqib, buni yana bir isbotini topdim va bundan bizdagi holat uchun muhim xulosalar kelib chiqishi ma'lum bo‘ldi.

Kasallanganlar soni mingdan oshgan mamlakatlar 1 mayda 91taga yetdi va O‘zbekiston (2,1 ming kishi) bu ro‘yxatda 69-o‘rinda. Shulardan 32 mamlakatda davolanayotganlar soni eng yuqori miqdoridan o‘tib, epidemiya so‘na boshladi va ular orasida O‘zbekiston ham bor.

Shulardan o‘nga yaqin mamlakat epidemiyani deyarli jilovlab, karantindan chiqa boshladi. Ulardagi davolanayotganlar sonining karantin kunlari bilan o‘zgarishi grafiklari shuni ko‘rsatdiki, O‘zbekistondagi o‘zgarish dinamikasi Xitoyniki bilan deyarli bir xil ekan. Bunga albatta ikkala mamlakatda ham qattiq karantin choralari ko‘rilgani va aholining nisbatan tartib-intizomliligi sabab bo‘lsa kerak.