Deputatning shov-shuvli taklifi: u nega yolg‘on axborotdan foydalandi?
«Milliy tiklanish» DP markaziy kengashi raisi Alisher Qodirovning chet eldan o‘zbekistonliklarni vatanga qaytarishni vaqtincha to‘xtatib turish haqidagi taklifi ijtimoiy tarmoqlarda keskin norozilik keltirib chiqardi.
To‘g‘ri, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati xorijdagi fuqarolarni ular ayni paytda bo‘lib turgan mamlakatlarda davolashni moliyalashtirish taklifini bildirgan va bu taklif ko‘pchilikning e'tiboridan chetda qolib ketdi. Chunki nashrlar A.Qodirov tomonidan bildirilgan fikrning aynan kontekstdan ajratib olingan qismi — «xorijdagi o‘zbekistonliklarni mamlakatga kiritmaslik»ni sarlavhaga olib chiqishdi.
Jurnalist Bahodirxon Eliboyev shunday yozadi:
«Alisher Qodirov xorijdagi vatandoshlarni kirgizmasdan, o‘sha yerga pul yuboraylik, u yerda qarashsin, deyapti. Xo‘sh, buning nimasi yomon? U «tashlab qo‘yaylik» demayapti-ku?! «O‘lib ketsin» degani yo‘q. «O‘sha yerdagi rasmiylar bilan kelishib, pulini beraylik, tuzatishsin, keyin olib kirsak mayli», deyapti, shekilli?».
A.Qodirov o‘z Telegram kanalida bildirgan fikrlarini quvvatlash maqsadida quyidagilarni ham yozgan edi:
«Viruslarni aniqlash va ular bilan kurashishda Isroil davlatidagi tajriba o‘rgangulik. Ular 2020 yilning 1 sentyabrigacha barcha kiruvchilar uchun chegaralarini yopdi. Nimaga? Chunki ichkariga kirgan har bir inson virusning yangi, borayotgan joyidagi muhitga moslashmagan tipini olib kirishi mumkin. Bu — yangi to‘lqin degani.
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ham «Vabo tarqalgan joyga bormangiz, agar turgan joyingizda vabo bo‘lsa, u yerdan ketmangiz», deb bekorga aytmaganlar».
Ayni paytda kanalda Isroil tajribasiga oid fikr o‘chirilgan, hadis esa qoldirilgan.
Turli ijtimoiy tarmoqda bildirilgan norozilik kayfiyatidagi fikrlar orasida Isroil tajribasi qo‘llanishi kerakligiga qarshi bo‘lganlar soni ko‘pligi ham fikrning o‘chirilishiga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Deputat, o‘z fikrini ma'qullash uchun yolg‘on axborotdan foydalangani qiziq.
Qolaversa, TASSning Isroildagi Kan radiosiga asoslanib xabar berishicha, Isroil o‘z fuqarolariga mamlakatga kirishni cheklamagan. Faqat 18 mart kuni koronavirus tarqalishining oldini olish uchun mamlakatga xorijiy fuqarolarning kirib kelishiga nisbatan joriy etilgan taqiqni 2020 yilning 1 sentyabrgacha cho‘zgan.
Qolaversa, Kun.uz saytida Isroilda istiqomat qilayotgan fuqarolardan birining 6 yoshli farzandi koronavirusga qarshi kurash o‘z holiga tashlab qo‘yilgan Belarus Respublikasidan qanday qilib olib chiqib ketilgani haqidagi voqeasini yoritilgan, unda davlat organlari va rahbarlar unga qanday yordam berishgani haqida hikoya qilib berilgan edi.
«Xorijdan vatandoshlarimizni olib kelishni to‘xtatish, ularni turgan mamlakatlarida davolanishlarini moliyalashtirish haqida o‘ylashimiz kerak. Bu birinchi navbatda o‘sha vatandoshimizning qarindoshlariga, qolaversa, butun O‘zbekistonga yaxshilik bo‘ladi. Yana bir yangi shtamm xalqimiz uchun juda og‘ir bo‘ladi», — deya fikr bildirgan siyosatchi.
So‘nggi haftalarda mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga chalinayotgan va uning oqibatida vafot etayotgan fuqarolar soni orta boshlagani haqiqat. Siyosatchi esa aynan xorijdan qaytgan fuqarolar mamlakatga koronavirusning og‘irroq shtammini olib kirganlikda bilvosita ayblamoqda.
Biroq hali biror rasmiy manba koronavirusning og‘irroq shtammini xorijdan kirib kelayotgan fuqarolar olib kelganini tasdiqlagan emas. Buni ham deputatning xasta tasavvuriga yo‘yish mumkin.
Boz ustiga, prezident Sh.Mirziyoyev yaqindagina chet ellarda qolib ketayotgan va qaytish istagidagi fuqarolarimizni albatta qaytarib olib kelishini ta'kidlagan edi.
Mayli, Qodirovning taklifini juda jo‘yali va o‘rinli, deb hisoblab turaylik.
Xorijdagi millionlab hamyurtlarimiz ichidan O‘zbekistonga qaytish istagida bo‘lganlari orasida aniqlangan kasallarni o‘sha yerda davolashni tashkil qilishni qanday tasavvur etmoqda janob Qodirov? Kim ularning hisobini yuritadi va kim, qaysi manbadan pul tarqatadi?
Og‘izda istalgan ishni «bajaramiz», deb katta gapirish mumkin. Lekin «Quruq qoshiq og‘iz yirtar», deyishadi. Chindan ham, buni kim va qanday tashkillashtirishi kerak?
Hamma ko‘rib-bilib turibdi: O‘zbekistonning ichidagi holat qariyb izidan chiqib bo‘ldi. Vrachlar, hamshiralar, «Tez yordam» xizmatlari, o‘pkaga sun'iy nafas yuborish qurilmalari yetishmayapti. Ko‘pchilik test topshira olmayapti, test topshira olganlar esa javobini haftalab kutishmoqda. Ko‘pchilikning kasalligi va o‘limi allaqachon hech qanday statistikaga qo‘shilmayapti. Nashrlarda allaqachon o‘lim holatlarining SSVnikidan farq qiluvchi statistikasini yuritishmoqda.
O‘zbekiston ichida vaziyat biroz epaqaga kelgan bo‘lganda edi, deputat aytgan narsaga balkim kirishish mumkin edi. Lekin ayni holatda buning mutlaqo iloji yo‘q.
Binobarin, Muhrim haq. Deputat chindan ham, «ayni damda o‘zimizdagi muammolar ham yetarli», degan vaj bilan xorijdagi vatandoshlarimizni mamlakatga kiritmasdan, ularni o‘z holiga tashlab qo‘yishni taklif qilmoqda, deb tushunish mumkin.
Shuhrat Shokirjonov.
Mavzuga oid
18:21 / 11.11.2024
Alisher Qodirov LGBT targ‘ibotini taqiqlovchi qonun ishlab chiqilishini ma’lum qildi
15:34 / 20.10.2024
Rossiyalik deputat O‘zbekiston fuqarolariga viza rejimini joriy etishga chaqirdi. Jamoatchilik bunga javob qaytardi
16:23 / 29.08.2024
“Bolalar 7-sinfdan keyin qobiliyatidan kelib chiqib o‘qitilishi kerak” – Alisher Qodirov
10:59 / 12.07.2024