«Meni taniganlarning har biri ijtimoiy tarmoqlarda post yozish bo‘yicha mutaxassis emasligim, ayniqsa uzundan-uzoq postlar yozmasligimni yaxshi bilishadi», — deydi hikoya muallifi, Isroilda istiqomat qilayotgan Igor Rubin o‘zining Facebook’dagi sahifasida.

«Lekin bu hafta boshimdan o‘tkazgan g‘aroyib voqeani barchangiz bilan o‘rtoqlashishni lozim deb topdim…

Ko‘pchiligingiz bilasiz, Belarusda mening o‘g‘lim yashaydi va har 6–7 haftada oldimga kelib turadi.

U 6 yoshda, 5 yoshidan boshlab yolg‘iz o‘zi parvoz qiladi (albatta, samolyotga chiqarib qo‘yish va kutib olishda u kuzatuv ostida bo‘ladi). Lekin koronavirus barchamizning rejalarimizni o‘zgartirib yubordi va mening Danielim Belarusda qolib ketdi.

Muammo shundaki, Belarus koronavirusga qarshi hech qanday chora ko‘rmayotgan kam sonli davlatlardan biri bo‘lib turibdi. U yerda hayot o‘z o‘zani bo‘ylab oqmoqda, mahalliy futbol chempionati o‘yinlari butun dunyoga olib ko‘rsatilmoqda... Xullas, u yer inson, ayniqsa yosh bola ayni damda bo‘lishi lozim bo‘lgan eng xavfsiz joy hisoblanmaydi.

O‘tgan juma kuni qarasam — Minskdan Ben-Gurionga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reys qo‘yilibdi, darhol o‘g‘limga chipta xarid qildim va uyni tayyorlay boshladim.

Chunki shanba kuni Ben-Gurionda Nyu-Yorkdan samolyot kelib qo‘ngan, uchib kelganlarning barchasi Isroil sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan hech qanday nazoratlarsiz uy-uylariga tarqatib yuborilgan, shu sababli shanba kuni qabul qilingan qonunga ko‘ra, Isroilga kirib kelgan har qanday fuqaro mehmonxonada izolyatsiyada saqlanishi talab qilinadi.

Yakshanba kuni men 6 yoshli bolaning yakka o‘zi qanday qilib izolyatsiyaga olinishi mumkinligiga qiziqa boshlashni maqsad qilgan edim, shanba kuni kechqurun kuyovim qo‘ng‘iroq qildi va «Facebook’dagi postlardan birining ostidagi izohlarda transport vazirining telefon raqami bor, unga qo‘ng‘iroq qilib, bolani nima qilishni so‘ra», deb qoldi. Men kuyovimga surbetlarcha «Yaxshisi, Bibining telefonini topib bersang bo‘lardi», debman...

Men bir necha soatdan so‘ng, aniqrog‘i shanba kuni soat 22:59da transport vaziri Betsalel Smotrichga yozdim va bir necha daqiqalardan so‘ng u vaziyatni to‘la anglayotgani, mudofaa vazirligini muammom haqida ogohlantirishini aytib, ertasi kuni mudofaa vazirligi bo‘lim boshlig‘i Itay Gershkovits bilan gaplashishimni tavsiya qildi.

Mendek oddiy fuqaroga mamlakat rahbariyatidan bu qadar zudlik bilan javob olish juda g‘ayrioddiy va kutilmagan hol edi. Fikrimcha, har bir odam bunday vaziyatda taajjublanarli holatga tushib qolar edi, lekin bu hali hikoyaning boshlanishi…