O‘zbekiston | 22:49 / 25.07.2020
40735
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiyadan O‘zbekistonga tijorat aviareyslari amalga oshirilmoqda

Shu kunlarda bir qator telegram kanallarida Rossiyaning Domodedovo aeroportidan Toshkent xalqaro aeroportiga tijorat yo‘li bilan amalga oshiriladigan charter reyslar haqida e'lonlar paydo bo‘lmoqda.

Foto: Reddit

Jumladan, shu kabi e'lonlardan birida O‘zbekistonga qaytishni istaganlar 880 AQSh dollari evaziga taklif qilinayotgan xizmat paketini sotib olishi mumkinligi aytilgan. 

Bu xizmat paketida yo‘lovchilar Toshkent shahriga olib kelinishi, mehmonxonaga joylashtirilib 10 kunlik karantin muddati davomida 3 mahal ovqat bilan ta'minlanishi, shuningdek, koronavirusga 2 marta test topshirishi ko‘rsatilgan.

Qo‘shimcha qilinishicha, ushbu xizmat paketi to‘lov kartalari orqali sotib olinadi. 

Albatta, Rossiyadagi o‘zbekistonliklarni charter reyslar orqali olib kelish muammoli bo‘lib turgan bir paytda bu kabi xabarlar kishida shubha uyg‘otadi.

Ikkinchi tomondan esa, chiptalar qanday qilib tijorat uchun sotuvga chiqib ketishi mumkin?

Kun.uz muxbiri bu e'lonlarning qanchalik haqqoniyligi va paydo bo‘layotgan shu kabi savollarga javob topish maqsadida O‘zbekiston Transport vazirligi bilan bog‘landi.

Vazirlik matbuot xizmati rahbari Navro‘z Ashurmatovning sayt muxbiriga aytishicha, bu e'lonlar yolg‘on emas. Haqiqatan ham, bir qator mutasaddi tashkilotlar hamkorligida Rossiyadan O‘zbekistonga tijorat reyslari amalga oshirib kelinmoqda.

Navro‘z Ashurmatov /Foto: Kun.uz / Arxiv

«Bu bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining 33-sonli qarori qabul qilingan. Unga ko‘ra, chet davlatlardagi fuqarolarimizni turli turoperatorlik firmalari olib kelishiga ruxsat berildi.

Buning uchun turoperatorlik firmalariga chetdagi fuqarolarimizdan talab bo‘lishi, firmalar esa reyslarni amalga oshirmoqchi ekanligi haqida O‘zbekiston Transport vazirligi va aviatsiya ma'muriyatiga murojaat qilishi kerak. Chunki O‘zbekistonda ularga navigatsiya va boshqa turli xizmatlar ko‘rsatiladi.

Turoperatorlik kompaniyalari yo‘lovchilarni O‘zbekistonga olib kelish, ularni mehmonxonalarga joylashtirish va boshqa xizmatlarni o‘z zimmasiga oladi.

Albatta bu kabi reyslarni amalga oshirish bo‘yicha bir qator tashkilotlar bilan shartnomalar qilinadi. Masalan, yo‘lovchilar Toshkentga kelib qo‘nganidan keyin ular Milliy gvardiya askarlari yo‘lboshlovchiligida mehmonxonaga olib boriladi. Ichki ishlar vazirligi xodimlari esa olib kelingan yo‘lovchilarning karantin muddati davomida tashqariga chiqib ketmasligi va karantin qoidalariga rioya qilayotganini nazorat qiladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ajratilgan shifokorlar yo‘lovchilar orasida kasallik aniqlangan bemorlarga xizmat ko‘rsatadi. Bunda mehmonxonagacha bo‘lgan transport xarajatlari ham qo‘shilgan. Shu paytgacha Toshkentga 23 iyul kuni bitta reys amalga oshirildi», – dedi u.

Ashurmatovning qo‘shimcha qilishicha, bunday reyslar kelgusida Farg‘ona viloyati va yana bir bor Toshkentga amalga oshiriladi.

Shunday qilib, hozirgi vaqtda Rossiyadagi bir qator turoperatorlik firmalari tijorat yo‘li bilan O‘zbekiston fuqarolarini vatanga olib kelmoqda.

Buning uchun fuqarolar turoperatorlik firmalarining O‘zbekistondagi filiallari orqali ham to‘lov qilishi va ro‘yxatga yozilishi mumkin. Barcha xizmat paketlari ayni e'londagi kabi narxda bo‘lishi noaniq.

Mavzuga oid