Turizm | 14:55 / 12.01.2026
2289
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent–Haydarobod yo‘nalishida to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar ochiladi

O‘zbekistonning yirik xususiy aviakompaniyasi Centrum Air 2026 yil yozgi mavsumidan boshlab Hindiston yo‘nalishidagi parvozlar geografiyasini kengaytirib, Toshkent–Haydarobod bo‘yicha yangi muntazam to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yishini ma’lum qildi.

Foto: klook.com

“Dunyo” AA xabariga ko‘ra, 2026 yil 30 mart sanasidan boshlab Centrum Air Toshkent – Haydarobod yo‘nalishida to‘g‘ridan to‘g‘ri muntazam parvozlarni amalga oshiradi. Reyslar Airbus A320 havo kemalarida haftasiga ikki marta tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, aviakompaniya 2026 yil 29 martdan boshlab Toshkent – Dehli yo‘nalishidagi haftalik parvozlar sonini uchtaga yetkazishni ko‘zlamoqda.

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi aviaqatnovlar sezilarli oshgan. Hozirda Toshkentni Dehli va Mumbay shaharlari hamda Goa shtati bilan bog‘lovchi parvozlar soni haftasiga 17 tani tashkil etadi. Ikki davlat o‘rtasidagi havo qatnovlarini Uzbekistan Airways, Centrum Air va Hindistonning IndiGo aviakompaniyalari ta’minlab kelmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, parvozlar sonining ortishi va yangi yo‘nalishlarning ochilishi ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik, ilmiy-akademik va ta’lim almashinuvlari, shuningdek, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Turizm yo‘nalishida ham o‘sish qayd etilgan: 2025 yilda 80 mingdan ortiq hindistonlik sayyoh O‘zbekistonga tashrif buyurgan. 2026 yilda yangi aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi natijasida ushbu ko‘rsatkich yanada ortishi kutilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid