21:06 / 30.07.2020
4577

AQSh federal komissiyasi Trampning prezidentlik saylovlarini ko‘chirishga vakolati yo‘qligini bildirdi

AQSh prezidenti Donald Tramp federal saylovlarni ko‘chirish vakolatiga ega emas. Bu haqda saylovlar bo‘yicha AQSh federal komissiyasi a'zosi Ellen Uayntraub ma'lum qildi.

U Trampning noyabr oyida bo‘lib o‘tishi belgilangan prezidentlik saylovlarini kechiktirish taklifiga izoh berdi.

"Yo‘q, janob prezident. Yo‘q. Sizda saylovlarni ko‘chirishga vakolat yo‘q. Va saylovlarni ko‘chirishning hojati yo‘q. Shtatlar va munitsipal tuzilmalar sizdan va kongressdan xavfsiz va himoyalangan saylovlarni tashkil etishni so‘rayapti. Siz shu bilan shug‘ullansangiz bo‘lmaydimi?" – deb yozdi Uayntraub tvitterdagi sahifasida.

Avvalroq Donald Tramp saylovchilar xavfsizligi uchun ana shunday taklif bilan chiqqandi.

“Pochta orqali ovoz berish bilan 2020 yilgi saylovlar tarixdagi eng yomoni bo‘lib qoladi. Bu AQSh uchun uyatli saylov bo‘ladi. Saylovlarni odamlar bemalol va xavfsiz ovoz bera oladigan davrgacha ko‘chirish kerakdir?”, deb yozgandi u tvitterdagi sahifasida.

Top