Jahon | 19:00 / 03.08.2020
39145
2 daqiqa o‘qiladi

JSST koronavirusga qarshi kurashda o‘rnak olish kerak bo‘lgan mamlakatni aytdi  

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) favqulodda holatlar bo‘limining texnik guruhi rahbari Mariya Van Kerkxove Vetnamning koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashdagi harakatlariga yuqori baho berdi va boshqa davlatlar uchun o‘rnak qilib ko‘rsatdi.

Foto: EPA-EFE/LUONG THAI LINH

«Vetnam pandemiyaga qarshi kurashda tezkor va to‘liq qamrab oluvchi harakatlarni qilmoqda. Ularda epidemiyani jilovlashga yordam beruvchi tizim bor. Shuni barcha mamlakatlarda ko‘rishni istardik. Vetnamda yuqumli kasalliklarga qarshi kurashning boy tajribasi bor», - dedi Mariya Van Kerkxove.

«Vetnamning tibbiyot sohasiga yuklama juda kam bo‘ldi va u yerda o‘lim darajasi ham juda past bo‘ldi. Ular epidemiyaga hech qanday imkoniyat qoldirishmadi va yangi o‘choqlarning paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun barcha choralarni ko‘rishmoqda», - dedi sog‘liqni saqlash sohasidagi favqulodda holatlar bo‘yicha JSST dasturi rahbari Maykl Rayan.

Avvalroq Vetnamning yangi koronavirusning tarqalish o‘chog‘iga aylangan Danang shahri ma'muriyati barcha aholini (1,1 mln kishini) COVID-19 testidan o‘tkazmoqchi ekani haqida xabarlar tarqalgan edi. 

31 iyul kuni Vetnamda 3 oydan beri davom etayotgan koronavirus pandemiyasi davridagi ilk o‘lim holati qayd etildi.

Mavzuga oid