O‘zbekiston | 11:58 / 05.08.2020
11227
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning sharqiy va g‘arbiy hududlarida transport qatnovini qulaylashtirish taklif etildi

Mamlakatning sharqiy va g‘arbiy hududlarida transport qatnovini qulaylashtirish taklifi berildi.

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida O‘zbekistonning sharqiy va g‘arbiy hududlarida transport qatnovini qulaylashtirish haqida petitsiya joylashtirildi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda mamlakatning vodiy viloyatlari va poytaxt qismini boshqa (markaziy, janubiy va g‘arbiy) hududlar bilan bog‘lashda M-39 trassasi asosiy yo‘l sifatida foydalaniladi. 

“Ushbu trassaning Samarqand viloyatidan o‘tgan 200 km.lik qismining aksariyati aholi gavjum maskanlardan o‘tganligi va avtomobil tezligining cheklanishi ushbu hududdan qatnashda bir qancha noqulayliklarni yuzaga keltiradi. 

Ushbu hududda transport yuklamasini kamaytirish uchun Navoiy viloyati Nurota tumanini Jizzax viloyati Forish tumani bilan bog‘laydigan yo‘l (keyingi o‘rinlarda “shimoliy yo‘l”) aslida transportda qatnash uchun juda qulay. 

Eng asosiysi, Nurota tumani hududidan o‘tgan 140 km.lik asfalt yo‘l hatto poytaxtning ayrim ko‘chalaridan yaxshi holatda. Faqat ushbu yo‘lga Jizzax shahri orqali noqulay va Sh.Rashidov tumani orqali ta'mirtalab yo‘l orqali chiqilishi ko‘pchilikning bu yo‘ldan yurmasligiga asosiy sababdir. 

M-39 trassasini Jizzax viloyati Paxtakor tumani orqali Forish tumaniga olib boriladigan yo‘lni ochish juda katta loyiha bo‘lib, uning ijobiy tomonlari qo‘yidagicha: 

birinchidan, Navoiy, Buxoro, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasidan poytaxt, vodiy, Jizzax va Sirdaryo viloyatlariga qatnash masofasini kamida 20-30 km.ga qisqartiradi va qatnashni yanada qulaylashtirish; 

ikkinchidan, aholi gavjum maskanlardan o‘tgan hududlarda turli yo‘l transport hodisalarining kamayishi; 

uchinchidan, M-39 trassasining Samarqand viloyati hududidan o‘tgan qismi yuklamasini kamaytiradi; 

to‘rtinchidan, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimida rejalashtirilayotgan juda katta eko-turistik loyihalar rivojiga ulkan foyda beradi; 

beshinchidan, Forish, Nurota va Tomdi kabi rivojlanmay qolayotgan hududlarning rivojlanishiga (turli xizmat ko‘rsatish sohalarining rivojlanishi) sabab bo‘ladi, investorlar qiziqishi va oqimini oshiradi; 

oltinchidan, poytaxt va vodiy viloyatlaridan Uchquduq, Zarafshon shaharlari va Tomdi tumaniga masofani 100 km.gacha qisqartirishga xizmat qiladi; 

yettinchidan, transport xarajatlarini kamaytiradi (Forish, Nurota tumanlarida rejalashtirilayotgan loyihalar uchun qisqa masofa juda muhim)”, - deb yozadi murojaat muallifi.

Yuqoridagi ijobiy jihatlarni inobatga olib, Jizzax viloyati Paxtakor tumani orqali M-39 trassasi va Forish tumanini bog‘lovchi avtomobil yo‘lini tiklash taklif qilingan va ushbu loyihalarga alohida e'tibor berish so‘ralgan.

Mavzuga oid