Jamiyat | 08:52 / 13.08.2020
20267
2 daqiqa o‘qiladi

IIBB Sergeli tumanida sodir bo‘lgan janjal haqida ma'lumot berdi

Holat yuzasidan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasi bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirildi.

Foto: IIBB axborot xizmati

Joriy yilning 11 avgust kuni soat 22:30da Toshkent shahar IIBBga Sergeli tumani Sputnik-4 massivida ikkita erkak janjallashayotgani va biri ikkinchisini urayotgani haqida xabar kelib tushgan. 

Poytaxt IIBB xabariga ko‘ra, voqea joyiga PPX avtoekipaji yetib borgan. Erkaklarni ajratib, Sergeli tumani IIO FMB 2-son ichki ishlar bo‘limiga yetkazishgan.

Suhbat davomida ma'lum bo‘lishicha, 27 yoshli S.E. bir necha kun davomida uyiga kelmagan. Uning otasi 52 yoshli F.X. o‘g‘lining bu ishidan g‘azablanib o‘g‘lini kechki payt Sergeli-4 massivida ko‘rib qolganda uni urishib, o‘g‘liga badan shikastlari yetkazgan. S.E. shifoxonaga murojaat qilgan.

Mazkur fakt asosida O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183 moddasi (“Mayda bezorilik”) bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirildi.

“Hurmatli hamshaharlar va Toshkent mehmonlari! Kelishmovchiliklarni kuch bilan hal qilish kerakli natija bermaydi. Ayniqsa, ulg‘ayib qolgan farzandlaringizning tarbiyasida bunday uslub samarasizdir. Qarindoshlar orasida kelishmovchilik chiqqanda siz doim hududiy profilaktika inspektorlari yordamida Toshkent shahar IIBB psixologlariga murojaat qilishingiz mumkin”, - deyiladi ma'lumotda.

Mavzuga oid