Jamiyat | 08:04 / 15.08.2020
8819
2 daqiqa o‘qiladi

Mirobod tumanida 4ta avtomobil ishtirokida YTH sodir bo‘ldi

Mirobod tumanida sodir bo‘lgan YTH haqida ma'lumot berildi.

Joriy yilning 13 avgust kuni taxminan soat 15:00da Mirobod tumani Sariko‘l va Banokatiy ko‘chalari kesishmasida (Korzinka supermarketi yonida) to‘rtta transport vositasi ishtirokida YTH sodir bo‘ldi.

Toshkent shahar IIBB xabariga ko‘ra, 31 yoshli I.M. boshqaruvidagi Cobalt rusumli avtomobil, 32 yoshli F.Sh. boshqaruvidagi Isuzu rusumli yuk avtomobili, 44 yoshli B.M. boshqaruvidagi Lacetti rusumli avtomobil  va  34 yoshli Ye.Sh. boshqaruvidagi Spark rusumli avtomobillar o‘zaro to‘qnashib ketgan.

Taxminlarga ko‘ra, Cobalt va Isuzu haydovchilari tezlikni oshirgan holda va svetoforning signallari o‘chib-yonayotganida perpendikulyar joylashgan harakat yo‘llaridan chorrahaga bir vaqtda chiqqanliklari YTHga sabab bo‘lgan. 

Mazkur ikki avtomobil bir-biri bilan to‘qnashgach, yuk avtomobili inersiya tufayli harakatni davom ettirib, chetda qoldirilgan Lacetti rusumli avtomobilga kelib urilgan. Cobalt ham xuddi shu tarzda Spark’ga urilib, so‘ng beton to‘siq bilan to‘qnashgan. 

YTH natijasida Cobalt avtomobili haydovchisi badan shikastlari bilan shifoxonaga yetkazildi.

Hozirda tergov oldi tekshiruvlari o‘tkazilmoqda, deyiladi ma'lumotda.

Mavzuga oid