Jamiyat | 16:45 / 17.08.2020
28612
7 daqiqa o‘qiladi

Tabiiy gaz qazib olish jarayonini ko‘rganmisiz? - Buxorodagi neft-gaz koniga sayohat

Tabiiy gaz. Kundalik hayotimizning bir bo‘lagiga aylanib ulgurgan ushbu mineral resurs qanday qazib olinishi haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz?

Eng qizig‘i, yer qaridan qazib olinadigan ushbu ne'matning qanday vujudga kelgani to‘g‘risida dunyo olimlari haligacha bahslashadi. Biogen nazariyaga ko‘ra, tabiiy gaz paleozoy davrining so‘ngida nobud bo‘lgan o‘simlik va hayvon organizmlaridan, bakteriyalar, yuqori bosim va harorat ta'sirida hosil bo‘lgan.

Hozirgi kunda tabiiy gazni qazib olish uchun avval geologik qidirish ishlari olib boriladi. Foydali qazilmalar topilgan joyga maxsus moslamalar o‘rnatiladi va burg‘ulash ishlari boshlanadi.

Odatda tabiiy gaz yer tubidan, ya'ni 1000 metrdan bir necha kilometrgacha bo‘lgan chuqurlikdan qazib olinadi. Ammo qazib olingan gazni iste'molchiga yetkazishdan avval, uni mexanik aralashmalardan tozalab, chuqur qayta ishlanadi. Bundan tashqari, tabiiy gaz hidsiz va rangsiz bo‘lgani sababli, gaz sizib chiqish holatlarini o‘z vaqtida payqash uchun gaz taqsimlash stansiyalarida unga o‘ziga xos hid beriladi.

Biz sanoat miqyosida tabiiy gaz ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishish maqsadida Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanida joylashgan, Muborak neft-gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli «Janubiy Kemachi» konida bo‘lib qaytdik.

Cho‘l hududida joylashgan ushbu konning ochilishiga, 1979 yilda geofizik qidiruv ishlari natijasida aniqlangan gaz zaxirasi sabab bo‘lgan. Konning gazni kompleks tayyorlash qurilmasi hamda neft tayyorlash qurilmasi 2004 yilda ishga tushirilgan.

Konning texnik ishchi-xodimlari 15 kunlik vaxta usulida ish olib boradi. Ular vaxta davomida kon hududida, qurilmadan 3 km masofada joylashgan ishchilar shaharchasida istiqomat qilib, ish faoliyatini olib borishadi. Har bir vaxtada 12 soatdan 2ta smena mavjud. 15 kundan so‘ng yangi smena avtobuslarda ishga keladi.

Boshqarma qazib chiqarish konlari cho‘l hududida va tarqoq joylashgani hamda tuman va shahar markazidan uzoq masofadaligi sababli, xizmat qilayotgan ishchi-xodimlarning ish jarayonida sog‘ligini nazorat qilish, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida konlarda tibbiy punkt tashkil qilingan. Shifokor, feldsher va tez yordam avtomashinasi xizmat kursatmoqda.

Qurilmaga kirishdan avval ishchilar tibbiy nazoratdan o‘tkaziladi, tana harorati o‘lchanadi va qo‘llar dezinfeksiya qilinadi. Xodimlar ishga kirishishidan oldin xizmat rahbarlardan yo‘riqnoma olishadi, shundan keyingina smena almashiniladi. Biz neft va gaz quduq kuzatuvchilari va ustalarining smena almashishini kuzatdik.

Suratdagi konstruksiya – fontan armatura. Quduq gaz qazib olishga tayyor bo‘lganda, burg‘ulash moslamasi olinib, uning o‘rniga fontan armatura o‘rnatiladi. Klapanlardan iborat bu konstruksiya orqali gaz olinib, gazni kompleks tayyorlash qurilmasiga yuboriladi.

Bitta qurilmaga bitta quduqdan emas, balki o‘nlab quduqlardan gaz keladi.

Mutaxassislarga ko‘ra, ba'zida quduqlardan gaz olish unumi turli omillar sabab tushib ketadi, shunda maxsus brigada quduqlarda kapital ta'mirlash ishlarini olib boradi va quduq faoliyati tiklanadi.

«Janubiy Kemachi» konining gaz qurilmasida 5 dona texnologik tarmoq mavjud bo‘lib, gaz tayyorlash bo‘yicha yillik quvvati 5 mlrd/m kubni tashkil etadi. Qurilma quduqlardan keladigan gazni suyuq uglevodorod va mexanik aralashmalardan tozalab, Muborak gazni qayta ishlash zavodiga chuqur qayta ishlash uchun quvurlar orqali transportirovka qiladi.

Muborak zavodida gaz chuqur qayta ishlanib, gaz taqsimlash stansiyalariga yuboriladi va u yerdan iste'molchilarga yetkaziladi.

Bundan tashqari, gaz tarkibidan ajratib olingan suyuq uglevodorodlar kondagi neft tayyorlash qurilmasida birlamchi tozalanib, Buxoro neftni qayta ishlash zavodiga transportirovka qilinadi. Suyuq uglevodorodlar tayyorlash qurilmasining yillik quvvati esa 650 ming tonnani tashkil etadi.

Bizga berilgan ma'lumotlarga ko‘ra, «Uglevodorodlar qazib chiqarishni ko‘paytirish dasturi» doirasida va «O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayevning topshirig‘iga asosan, hisobot davrida 47 ta yangi quduq burg‘ulanib, 294 ta quduq mukammal va joriy ta'mirlangan, 20 ta texnologik obektda modernizatsiya, rekonstruksiya ishlari olib borilgan, tabiiy gaz va gaz kondensati olishga erishilgan.

Pandemiya munosabati bilan konlar va quduqlarda ishchi-xodimlarning vaxta rejimida ishlashi tashkil qilinib, ularga qulay sharoitlar yaratib berilgan.

Birgina biz guvohi bo‘lgan «Janubiy Kemachi» konida ham ishchi-xodimlar ular uchun zarur sharoitlar qilingani, qilayotgan ishlaridan mamnun, kasblaridan faxrlanishlarini aytib o‘tishdi.

Shu bilan birga, yoz jaziramasida, qishda esa qattiq sovuq cho‘lning o‘rtasida mehnat qilishning tasavvur qilib bo‘lmas qiyinchiliklari borligiga ham amin bo‘ldik.

Biz uchun kundalik hayotimizda odatiy resursga aylangan tabiiy gaz ortida qancha mashaqqat borligi, uni qazib olish va qayta ishlash uchun soha xodimlarining og‘ir mehnati talab etilishining guvohi bo‘ldik.

Jamiyat Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi «Ishchi guruh» karantin davrida konlar va quduqlar faoliyatini o‘rganish maqsadida doimiy ravishda joylarda bo‘lib, ishchilar bilan shaxsan suhbatlashib, ularga yaratilgan yashash va ishlash sharoitlari bilan tanishgan.

«Yaxshi ishlagan, o‘zini ko‘rsatgan xodimlarimiz mukofotlanmoqda. Muammo tug‘ilsa, rahbarimiz tomonidan tezkorlik bilan hal etilmoqda. Shu sabab avvalgi yillardagiga nisbatan tabiiy gaz ishlab chiqarish hajmi ancha oshdi», – deydi biz bilan suhbatda bo‘lgan ishchi-xodimlar.

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, 2020 yil oxirigacha kompaniya oldida katta vazifalar turibdi: 34,6 mlrd kub metr tabiiy gaz, 1,6 mln tonna suyuq uglevodorodlar qazib chiqarish, 20 mlrd metr kub tabiiy gaz zaxiralarini o‘stirish, 704,5 ming tonna avtobenzin, 790,3 ming tonna dizel yonilg‘isi, 687,9 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarish, 1,4 mlrd dollar investitsiya o‘zlashtirish belgilangan.

Biz bu mashaqqatli yo‘lda 50 mingga yaqin (48 ming 518 nafar) ming kishidan iborat «O‘zbekneftgaz» jamoasiga omad tilab qolamiz.

Neft-gaz koniga sayohatimiz davom etadi. Navbatdagi lavhamizda ishchi-xodimning bir kun davomida tabiiy gaz qazib chiqarishdagi mashaqqatli mehnati haqida hikoya qilamiz.

Jamshidxon Ziyoxonov.
Tasvirchi – Otaxon Yusupov.

Mavzuga oid