O‘zbekiston | 13:28 / 22.08.2020
10279
3 daqiqa o‘qiladi

Bemorda nafas siqilishi holatini qanday aniqlasa bo‘ladi? - mutaxassis izohi 

AOKAda Koronavirusga qarshi kurash shtabi a'zosi Barno Abdusamatova ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi. 

Brifingda aholi murojaati va savollari yuzasidan javob qaytarildi.

Murojaatlardan birida fuqaro koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan homilador ayolda tug‘ruq muddati yetmagan bo‘lsa, homiladorlik davom ettiriladimi yoki homiladorlik to‘xtatiladimi, deya so‘ragan.

«Shoshilinch tug‘ruq va homiladorlikni to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilish murakkab bo‘lib, gestatsion yosh, ona ahvolining og‘irligi, homilaning yashab ketishi va sog‘lomligi kabi juda ko‘p omillarga asoslangan. Agar koronavirus infeksiyasi mavjud bo‘lgan homilador ayolning ahvoli og‘ir yoki o‘ta og‘ir deb baholanadigan bo‘lsa, diagnostik mezonlarga muvofiq, hayotiy ko‘rsatmalarga ko‘ra, homiladorlik muddatiga qaramay tug‘dirishni amalga oshirish kerak. Hozirgi kunda homilador ayollarda homila uchun jiddiy asoratlar xavfi yuqoriligi to‘g‘risida hech qanday dalillar mavjud emas», - dedi Barno Abdusamatova savolga javoban.

Bundan tashqari, nafas siqilishini qanday aniqlash mumkinligi haqida ham ma'lumot berildi.

«Nafas siqilishi - bu havo yetishmasligini his qilish. Nafas olish tezligi, xotirjamlikda daqiqasiga 22 ta nafas olish bo‘lishi lozim. Nafas chastotasini xotirjam holatda o‘lchash uchun quyidagilarni bajarish zarur:

  • sekundomer yoki qo‘l soatini oling yoki uyali telefoningizda sekundomerni yoqing;
  • agar bu vaqtgacha harakatda bo‘lgan bo‘lsangiz 5 daqiqa dam oling;
  • o‘tirgan yoki yotgan holda qo‘llaringizni ko‘ksingizga qo‘ying;
  • ko‘krak qafasingizni harakatlantirib necha marta nafas olishingizni sanang;
  • 1 daqiqadan so‘ng sanashni to‘xtating. Katta kishilarda normal nafas olish chastotasi 12-18 ta bo‘ladi.

Agar ko‘rsatkichlar 22 tadan ko‘p bo‘lsa shifokorga murojaat qiling - bu nafas olishda muammo borligini ko‘rsatadi», - dedi shtab a'zosi.

Аброр Зоҳидов
Tayyorlagan Аброр Зоҳидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid