O‘zbekiston | 20:31 / 24.08.2020
2540
9 daqiqa o‘qiladi

Islom madaniyati va ilm-fanini rivojlantirishda yana bir muhim qadam

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020 yil 11 avgustda “Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. By moturidiylik ta'limotining asoschisi bo‘lgan Imom Moturidiy va izdoshlarining ilmiy merosi hamda kalom ilmiga ko‘shgan bebaho hissasini chuqur tadqiq etish, ularni O‘zbekiston va butun dunyoga tanitishga xizmat qiladi.

So‘nmez QUTLU

Keyingi yillarda O‘zbekistonda islom madaniyati hamda ilm-fanini yanada rivojlantirishga alohida e'tibor berilmoqda. Shu maqsadda bu yerda avvalroq Buxoriy, Nasafiy va Termiziy kabi allomalarning ilmiy merosini o‘rganadigan hamda targ‘ib qiladigan ilmiy-tadqiqot markazlari ochilgan edi. Ushbu muassasalar bu muqaddas zamindan yetishib chiqqan olimlar va ularning ilmiy merosini yosh avlodga har tomonlama yetkazishga katta hissa qo‘shmokda.

Shu ma'noda, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining ham ahamiyati beqiyos. Zero, ushbu markaz o‘z yo‘nalishidagi birinchi ilmiy muassasa hisoblanadi. Garchi dunyo miqyosida bu borada ko‘plab tadqiqotlar olib borilgan bo‘lsa-da, bilishimizcha, hanuzgacha biror musulmon davlati, jumladan, Turkiyada ham Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ochilmagan edi.

Imom Moturidiy islom tafakkurida alohida o‘ringa ega shaxs sanaladi. U islom madaniyatida diniy bilimlarda to‘g‘ri ilm hosil qilishning mezonlarini ishlab chiqdi. Uning bilish nazariyasida to‘g‘ri ma'lumotga erishishning uch yo‘li mavjud: sog‘lom aql, sog‘lom tuyg‘u va to‘g‘ri xabar. Shunga ko‘ra, u ilm sohalari ichida aqlga tayanadiganlarini aqliyot, hislarga tayanadiganlarini hissiyot va vahiy hamda xabarga asoslanadiganlarini sam'iyot deb atagan.

Imom Moturidiy mazkur bilish nazariyasini kalom ilmiga tatbiq etib, turli dinlar qarshisida islom e'tiqodini himoya qila oladigan “Kitob at-tavhid” asarini yozib qoldirdi. Uning tarafdorlari Moturidiyning mazkur asari va boshqa asarlarini istifoda etgan holda, Samarqandda ahli sunnaning “moturidiylik” deb nom olgan aqidaviy yo‘nalishiga asos soldilar. Bu markazlarda moturidiylik qarashlaridan ta'lim olganlar o‘z shogirdlari hamda qalamga olgan yuzlab kalom ilmiga oid asarlari vositasida Movarounnahr, Xuroson, Volgabo‘yi. Onado‘lu va Bolqon yurtlarida moturidiylikni keng yoydilar. Shu tariqa, moturidiylik turkiy jamiyatlarning diniy e'tiqod hamda tushunchasida mavjud bo‘lgan xorijiylik va botiniylikka borib taqaluvchi zararli oqimlar tarqalishining oldini oldi.

Imom Moturidiy o‘z ilmiy nazariyasini fiqh ilmida qo‘llash orqali bu sohada ulkan yutuqlarga erishdi va shunga ko‘ra, hanafiy fiqhi usulini yozib chiqdi. Ammo uning bu boradagi ikkita asari yo‘qolganligi sababli uning usulul fiqhga oid qarashlarini “Ta'vilot al-Qur'on” hamda undan keyin hanafiy usulul fiqhida yozilgan manbalarda aks etgani qadaricha bilamiz, xolos. Ishonamizki, ushbu markaz tadqiqotchilari o‘sha yo‘qolgan asarlarni topadi va ularni islom olamiga taqdim etadi. Imom Moturidiy hanafiy fiqh usulini qayta yozish bilan nafaqat hanafiylikni jonlantirdi, balki qoraxoniylar, g‘aznaviylar, saljuqiylar, temuriylar hamda usmoniylar davrida yuzlab olimlarning kamol topishi va minglab usulul fiqh hamda furu'ul fiqh asarlarining dunyoga kelishiga zamin hozirladi. Hanafiylik mazhabi deyarli barcha turkiy davlatlarning milliy mazhabiga aylandi.  

Imom Moturidiy faqatgina kalom va fiqhda emas, tafsir sohasida ham yangi bir zamin ochgan. O‘zidan avvalgi olimlar Qur'oni Karimni rivoyatlarga asoslangan holda tafsir qilib kelgan bo‘lsalar, Imom Moturidiy aqlga tayanuvchi hamda “ta'vil” deb nom olgan usulda Qur'on oyatlarini sharhlashga kirishdi. Keyinchalik tafsir ilmida bu uslubga “aqliy tafsir usuli” nomi berildi va bu yo‘nalishda, avvalo, hanafiylar, qolaversa, boshqa mazhab namoyandalari tomonidan o‘nlab tafsirlar bitildi. Oxirgi vaqtlarda Movarounnahr hamda turkistonlik hanafiy-moturidiy olimlariga oid tafsirlarning nashrdan chiqishi bilan hanafiy-moturidiy ta'vil-tafsir an'anasining mavjudligi yaqqol namoyon bo‘ldi. Bu an'anaga tegishli ko‘plab qo‘lyozmalar kutubxonalarning chang tokchalari yoxud xususiy arxivlarda saqlanmoqda. Ishonamizki, mazkur markaz ushbu asarlarning nashr etilishida tashabbus ko‘rsatadi.

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi o‘z tadqiqotlarida kalom, fiqh va tafsir ilmining bugungi kun shartlari hamda ehtiyojlariga javob beradigan holda yangidan barpo bo‘lishida va ilm olamida yangi Moturidiylar, Nasafiylar, Pazdaviylar, Saraxsiylar, Marg‘inoniylar, Yassaviylarning yetishib chiqishida munosib hissasini qo‘shadi. Bu yosh tadqiqotchilar esa O‘zbekistonni o‘tmishdagidek islom tamaddunining markazlaridan biriga aylantiradi.

Markaz tomonidan olib boriladigan tadqiqotlar butun islom olamiga, jumladan,O‘zbekistonda yot oqimlar tahdidi va bosimi ostidagi yosh avlodga ular bilan kurash olib borish yo‘lida dasturulamal bo‘lib xizmat qiladi. Bugungi kunda radikalizm hamda takfirchilikka qarshi tura oladigan islomniig eng kuchli ta'limoti aql tarafdorlari sifatida tanilgan hanafiy-moturidiylar ta'limotidir. Biz bu ta'limotga ko‘r-ko‘rona ergashib va uni tadqiq etmasdan turib muvaffaqiyatga erisha olmaymiz. Aksincha, biz uni bugungi mafkuralar, falsafiy hamda diniy oqimlarga javob beradigan shaklda qayta jonlantirishimiz lozim.

Hanafiy-moturidiy ta'limotida aql, ilm va axloq muhim ahamiyatga ega.

Mazkur ta'limot insoniy muhabbat hamda hamjihatlikda yashash asoslarini mustahkamlaydi, din va vijdon erkinligini qadrlaydi. Hanafiy-moturidiylik tarixda bo‘lganidek bugungi kunda ham zo‘ravonlik, terrorizm, takfir mentaliteti hamda dinni siyosiylashtirishga qarshi kurashda muhim salohiyatga ega. Ko‘r-ko‘rona mutaassiblik, soxta salafiylikka moturidiylik ta'limoti bilangina qarshi turish mumkin.

Ikkinchi tomondan, hanafiy-moturidiylikni to‘g‘ri anglash botiniy harakatlar va so‘fiy aqidaparastlikning oldini olishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi musulmon olamida kutubxona hamda arxivlarda saqlanayotgan hanafiy-moturidiy ta'limotiga oid qo‘lyozma asarlarni nashr etishi, ilm olamidagi tadqiqotlar va hujjatlarni aniqlab, ularning kataloglarini yaratishi hamda ularni internet muhitida tadqiqotchilarga ochib qo‘yishi islom olami uchun buyuk bir xizmat bo‘ladi. Bu holat esa o‘tmishda bo‘lgani kabi bugungi kunda ham moturidiylik ta'limoti va unga oid amalga oshirilgan tadqiqotlarni o‘rganish bobida O‘zbekistonni muhim bir markazga aylantiradi. Moturidiylik islomga doir umumbashariy chaqiriqlarni yana takpop Imom Moturidiyning Vatani O‘zbekistondan tuyajak.

Markaz Sharq va G‘arbdagi ushbu mavzuga qiziqqan olimlarni Imom Moturidiy hamda moturidiy olimlarining ilmiy merosini tanishtiradigan seminarlar, simpoziumlar, konferensiyalar, davra suhbatlari va boshqa ilmiy tadbirlar orqali bir yerga jamlaydi. Shunday qilib, ilmiy sohadagi xalqaro hamkorlik kuchayadi hamda bu meros butun insoniyat uchun munosib shaklda tanishtiriladi.

Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, ushbu markaz mustahkam poydevor asosiga qurildi. Bunday tadqiqot markazini ochish bilan O‘zbekiston boshqa islom mamlakatlari uchun namuna bo‘ldi. O‘z tadqiqotlari bilan ushbu markaz soxta salafiylik va diniy radikalizm muammosiga duch kelgan musulmon olamiga mazkur masalalarni hal qilish uchun muhim yechimlarni taqdim etadi. Shu sababli Islom konferensiyasi tashkilotiga a'zo davlatlar markaz faoliyatini qo‘llab-quvvatlashda ham moddiy, ham ma'naviy yordamlarini ayamasliklari lozim.

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy -tadqiqot markazi, avvalo, O‘zbekistonga, qolaversa, barcha turkiy davlatlarga, musulmon olamiga va butun insoniyatga foydali bo‘lishini tilaymiz. Bunday markazning izlanishlari hamda faoliyatiga hissa qo‘shish men uchun ham sharafdir. Umid qilamanki, Samarqandda Imom Moturidiy asos solgan ilohiyot ta'limi an'analari davom etadi. Imom Moturidiyning aql va axloqqa tayangan diniy ta'limotini islom olamining har burchagidan yetishajak talabalar butun insoniyatga yangidan namoyish qiladi.

So‘nmez QUTLU,
Turkiyaning Anqara universiteti professori,
 O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi o‘qituvchisi

Mavzuga oid

E`lonlar