Jahon | 01:33 / 25.08.2020
48773
3 daqiqa o‘qiladi

Tojikistonlik uchuvchilar Afrikadagi aviahalokat qurboni bo‘ldi

Tojikistonlik ikki nafar uchuvchi Janubiy Sudanda sodir bo‘lgan aviahalokat oqibatida halok bo‘ldi.

Foto: Aljazeera

Buyuk Britaniyaning South West Aviation aviakompaniyasiga qarashli AN-26 yuk samolyotining qulashi oqibatida ikki nafar uchuvchi halok bo‘lgan. Keyinchalik ularning ikkisi ham tojikistonlik bo‘lgani tasdiqlandi.

Samolyot 22 avgust kuni Janubiy Sudan poytaxti Juba shahridagi aeroportdan parvozni boshlagach, bir necha daqiqa o‘tib qulab tushgan. Oqibatda tojikistonlik uchuvchilar Parviz Qodirov va Mirsulton Mirahmedovlar halok bo‘lgan.

«Bizdagi ma'lumotlarga ko‘ra, Parviz Qodirov bir hafta oldin Sudanga ishlash uchun jo‘nab ketgan. U uchuvchi edi. Uning akasi Xurshed Parvizning jasadini olib kelish borasida murojaat qildi», deyiladi Tojikiston tashqi ishlar vazirligi xabarida.

Tojikiston TIVning qayd etishicha, yana bir uchuvchi Mirsulton Mirahmedov kelib chiqishi tojikistonlik, lekin Rossiya fuqarosi bo‘lgan.

Foto: Aljazeera

EADaily axborot agentligi Juba aeroporti vakilining so‘zlariga tayanib xabar berishicha, samolyot Jubadan Vau va Aveyl shaharlariga qarab yo‘l olgan. Keyinchalik Xitoyning «Sinxua» axborot agentligi mazkur aviahalokatda jami 17 kishi qurbon bo‘lgani, ulardan ikki nafari ekipaj a'zolari ekani haqida xabar berdi.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, qutqaruvchilar samolyotdan bir kishini tirik olib chiqib, kasalxonaga yuborishgan. Ammo hozircha bu xabar tasdiqlanmagan.

Aviahalokat aholi punktlaridan biroz uzoqdagi botqoqlikda sodir bo‘lgan. Qulab tushib yonayotgan samolyot atrofiga bir zumda mahalliy aholi to‘plangan va sochilgan pullarni terib ola boshlagan. Ma'lum bo‘lishicha, samolyotda mototsikl, ehtiyot qismlar va oziq-ovqat mahsulotlaridan tashqari, yirik korxona ishchilariga maosh sifatida to‘lanishi lozim bo‘lgan katta miqdordagi pul ham bo‘lgan.

Mahalliy OAV xabarlariga ko‘ra, samolyotdagi yo‘lovchi va ekipaj a'zolarini qutqarish uchun shoshilgan qutqaruvchilar hodisa joyiga borishda atrofdagi botqoqliklar tufayli qiyinchiliklarga duch kelgan.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid