O‘zbekiston | 21:23 / 03.09.2020
29606
3 daqiqa o‘qiladi

IMEI-kodlar mojarosi: Soha mas'ullari kengash o‘tkazdi

3 sentabr kuni Ichki ishlar vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi va UZIMEI tizimi operatori mas'ul xodimlari ishtirokida ishchi uchrashuv o‘tkazildi, deb ma'lum qildi IIV axborot xizmati.

Uchrashuvda xorijdan kelgan fuqarolarning shaxsiy ma'lumotlari o‘g‘irlangan bo‘lishi mumkinligi haqidagi shikoyatlar masalasi ko‘rib chiqilib, tegishli choralar belgilab olingan.

Ta'kidlanishicha, shaxsga doir ma'lumotlar O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 2 iyuldagi «Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risida»gi qonuni bilan himoyalanadi.

Fuqarolarning shaxsga doir ma'lumotlarini qonunga xilof ravishda yig‘ish, tizimlashtirish, saqlash, o‘zgartirish, to‘ldirish, ulardan foydalanish, ularni berish, tarqatish, uzatish, egasizlantirish va yo‘q qilish MJtKning 46-2-moddasiga asosan, fuqarolarga BHMning 3-5 baravari, mansabdor shaxslarga esa 5-10 baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

O‘sha harakatlar ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilsa, yoxud bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirilib, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan, g‘arazli yoki boshqacha past niyatlarda, xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etilsa, yoxud og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, Jinoyat kodeksining 141-2-moddasiga asosan, 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ichki ishlar vazirligi xorijdan olib kelgan mobil qurilmasining IMEI kodini ro‘yxatga qo‘ya olmayotgan fuqarolardan hududiy ichki ishlar organlariga murojaat qilishni tavsiya etgan.

Avvalroq Davlat bojxona qo‘mitasi ham shu masalada munosabat bildirib, tizimda tegishli tekshiruv o‘tkazilayotganini ma'lum qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, chet eldan kelgan bir qator fuqarolarning ijtimoiy tarmoqlarda yozishlaricha, ular chet eldan olib kelgan telefonini uzimei tizimida ro‘yxatdan o‘tkaza olmayapti. Chunki ularning pasport ma'lumotlariga allaqachon boshqa mobil qurilmalar ro‘yxatga olingan bo‘lib chiqmoqda.

Ayni holatda bir yoki bir nechta tuzilmalar xodimlari chetdan kelgan fuqarolarning pasport ma'lumotlarini begonalarga pullayotgan, ular esa shu orqali chetdan telefonlarni bojsiz olib kirayotgan bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid