Urushni yoqtiruvchi «tinchlikparvar» va Samanta Smit yoxud hammasi Yuriy Andropov haqida

Yuriy Andropov – SSSR diplomati, KGB rahbari, KPSS Markaziy qo‘mitasining birinchi kotibi. U SSSRni bor yo‘g‘i 15 oy boshqargan bo‘lsa ham, amalda mamlakatni 10 yildan oshiq nazorat qilgani aytiladi. Bevaqt o‘lim Andropovga SSSRni uzoqroq boshqarishiga yo‘l bermadi. Agar u taxtda uzoqroq o‘tirganida yana nima voqealar sodir bo‘lar edi, buni hatto taxmin qilib bo‘lmaydi. Balki, O‘zbekistonda bo‘lganday yana qaysidir respublikani «tozalash uchun» uchun «desant» tushirarmidi? Yoki Afg‘onistonga qo‘shin kiritganday, yana qaysidir mamlakatni «sotsialistik lager»ga qo‘shib olish uchun qo‘shin kiritarmidi?

XX asrning 80-yillarida qariyb o‘n yil davom etgan afg‘on urushi bugun tarixchilar tomonidan SSSR rahbariyati yo‘l qo‘ygan eng jiddiy xato sifatida qayd etiladi.

Afg‘onistonda 1973 yilda Muhammad Dovud tomonidan mamlakat rahbari Muhammad Zohirshohning ag‘darib tashlanishi bilan boshlangan hodisalar 1978 yilga kelib ancha jiddiy to‘qnashuvlarga aylanib ketadi. O‘ziga chegaradosh bo‘lgan mamlakatdagi taloto‘plardan foydalanib SSSR rahbariyati u yerda sotsialistik tuzum o‘rnatish uchun harakatlar boshlaydi.

1979 yil 12 dekabrda Kremlda maxfiy qaror qabul qilinadi. Qaror Afg‘onistonga qo‘shin kiritish haqida edi va uning ijrosini ta'minlash Yuriy Andropov, Dmitriy Ustinov va SSSR tashqi ishlar vaziri Andrey Gromiko zimmasiga yuklatiladi. Shu tariqa «do‘st afg‘on xalqiga yordam berish» bahonasida Afg‘onistonga avval KGB bo‘linmalari, ularning ortidan SSSR armiyasi bostirib kiradi.

Afg‘onistondagi urushda SSSR ko‘plab qurbonlar berdi, askarlar mayib-majruh bo‘lib qaytishdi, xalqning milliardlab mablag‘i behuda sarflandi. Bundan tashqari, mamlakat xalqaro maydonda turli sanksiyalarga duch kelib iqtisodiy tarafdan ancha qiynalib qoldi. Oxir-oqibat nima bo‘lganini bilasiz – dunyoning ikkinchi qutbi bo‘lishga da'vogar bo‘lgan va qisman bunga erishgan davlat Yer xaritasidan nom-nishonsiz yo‘q bo‘lib ketdi.

O‘shanda Afg‘onistonga qo‘shin kiritish, bu mamlakatda zo‘rlik bilan bo‘lsa ham sotsialistik tuzum o‘rnatish rejasi mamlakat rahbari Brejnevning rejasi bo‘lmagan. Garchi sovet armiyasi Brejnev hukmronligining ilk yillarida Vetnam urushida qatnashgan bo‘lsa ham, bu shaxs urushni yoqtiradiganlar safiga kirmasdi.

Masalan, SSSRning AQSh bilan munosabatlari aynan Brejnev davrida eng yaxshi ko‘rinishga ega bo‘ladi va AQSh prezidenti Richard Nikson 27 yillik tanaffusdan so‘ng, qisqa muddatda SSSRga ikki marta davlat tashrifi bilan keladi. Ungacha, 1945 yil Yalta konferensiyasi o‘tkazilishi munosabati bilan SSSRga kelgan Franklin Ruzveltdan so‘ng SSSRga birorta AQSh rahbari kelmagan edi.