Jamiyat | 20:29 / 06.09.2020
26474
3 daqiqa o‘qiladi

Mobiuz talabalar uchun tarif rejasini taqdim etdi

«Talaba» tarifi O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 29 yilligiga bag‘ishlanadi.

Shu yilning avgust oyida yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev talabalar uchun qulay narxlardagi tarif rejalarini joriy qilish topshirig‘ini bergan edilar. Shuningdek, yoshlarning masofaviy ta'lim olish uchun shart-sharoitlar yaratishga alohida urg‘u berilgandi. Mobiuz mobel operatori mutaxassislari mazkur masalalarni o‘rgangan holda yangi imtiyozli tarif rejasini ishlab chiqdilar.

«Talaba» tarif rejasiga 1 000 MB, tungi 1 000 MB, O‘zbekiston bo‘yicha qo‘ng‘iroqlarga 500 daqiqa va 500 SMS-xabar kiritilgan. Abonent to‘lovi oyiga 15 ming so‘m. Tarifning asosiy qulayligi shundaki, u 100 ta axborot-ta'lim resurslaridan bepul, ya'ni megabaytlarni sarflamagan holda foydalanish imkoniyatini beradi.

Xususan, ular qatorida – respublikaning barcha oliygohlarini masofaviy ta'lim resurslari, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Bosh ilmiy-metodik markaz veb-saytlari va boshqalar. Saytlarning to‘liq ro‘yxati bilan ushbu havola orqali tanishib chiqish mumkin: mobi.uz/uz/tariff/privilege/21408.

Shu bilan bir qatorda, tarif oyning birinchi sanasiga bog‘lanmaganligi va abonent to‘lovi uchun mablag‘ yetarlicha bo‘lmaganda, u avtomatik ravishda kunlik yechilish tartibiga o‘tishini alohida ta'kidlab o‘tish kerak.

Masalan, talaba tarifga 15-sentabr kuni ulandi. Shu kunning o‘zida unga tarif bo‘yicha barcha to‘plamlar taqdim etiladi, abonent to‘lovi ham to‘liq yechib olinadi. Kelasi abonent to‘lovini yechib olish 15 oktabr kuni amalga oshiriladi. Lekin abonent balansida 15 mingdan kam mablag‘ bo‘lsa, kunlik to‘lov 750 so‘mni tashkil qiladi, daqiqa va megabaytlar ham kunlik tartibda taqdim etiladi.

««Talaba» tarifi – oliy ta'lim muassasalari, shu jumladan xorijiy oliygohlarning mamlakatimizdagi filiallari talabalari uchun qulay taklifdir. Arzon narxlar va ta'lim resurslaridan bepul foydalanish imkoniyati yoshlarga ta'lim olish va mustaqil ravishda bilimlarni oshirishga keng imkoniyat yaratadi. Ulanish uchun pasport hamda talabalik guvohnomasi (yoki oliygohda o‘qishini tasdiqlaydigan boshqa hujjat) kerak bo‘ladi xolos, - deydi Mobiuz’ning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha rasmiy vakili Sardor Tojiyev.

Kompaniyaning mahsulot va xizmatlari haqidagi batafsil ma'lumot www.mobi.uz saytida hamda kompaniyaning rasmiy Telegram-kanalida (t.me/MOBIUZrus) taqdim etilgan.

Mavzuga oid