Jahon | 01:06 / 10.09.2020
20296
4 daqiqa o‘qiladi

«Hech qayerga qochmadim va qochmoqchi emasman». Lukashenko mamlakatdagi vaziyat, Rossiya bilan munosabatlar va vagnerchilar haqida

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko 8 sentabr kuni Minskda, Mustaqillik saroyidagi qarorgohida Rossiyaning «VGTRK» (Butunrossiya davlat televizion va radiouzatuv kompaniyasi), Russia Today, «Pervyy kanal» va «Govorit Moskva» radiostansiyasi jurnalistlariga katta intervyu berdi.

Foto: RT

“Mamlakatdagi beqarorlik tashqaridan boshqarilmoqda”

Belarus prezidenti mamlakatdagi so‘nggi voqealar tashqi kuchlarning ta'siri ostida yuz berayotganini ta'kidladi.

“Mamlakatda hech qanday beqarorlik yo‘q va agarda tashqi omil bo‘lmaganida mana bu voqealar ham bo‘lmasdi. Tashqi omil deganda birinchi navbatda tashqaridan boshqaruvni nazarda tutyapman. Biz ham, rossiyaliklar ham kim va qayerdan turib boshqarayotganini bilamiz: amerikaliklar Varshava yaqinidagi markazdan Telegram-kanallar orqali. Ikkinchi markaz — bu Chexiya. Keyin esa Litva va afsuski, Belarusga ta'sir o‘tkazish uchun Ukrainada ham tayanch punktlari tuzishmoqda”, dedi Lukashenko.

“Men qo‘rqoq emasman va qo‘rqmayman”

Jurnalistlar Aleksandr Lukashenkodan namoyishlar  bo‘layotgan vaqtda nima uchun qo‘lida avtomat bilan chiqqanligi haqida so‘rashdi. U bunga qo‘rqoq emasligini namoyish qilish uchun shunday qilganini aytdi.

“Ya'ni farzandlarim, mamlakatim shu yerda ekanligini va bu mamlakatni qanday bo‘lmasin himoya qilishimni ko‘rsatdim. Oyoq-qo‘llarimdan ushlab tashqariga chiqmasligimni, snayper bo‘lishi mumkinligini aytishdi. "Yo‘q, chiqishim kerak" dedim. 

Ya'ni asosiysi — men qo‘rqoq emasman va qo‘rqmayman. Ya'ni hech qayerga qochib ketmadim va qochmoqchi emasman. Farzandlarim ham hech qayerga ketmaydi”.

“Bir mamlakatga bog‘lanib qolish mumkin emas”

Aleksandr Lukashenko Rossiya bilan mahsulotlar eksporti masalasiga ham to‘xtaldi.

Bugungi eksportimizning 47—48 foizini Rossiya bozori tashkil etadi. Ittifoq parchalangan vaqtda 85 foiz edi. Bu mening ishim. Men maqsadli ravishda bozorlarni diversifikatsiya qildim. Sizlar meni yuz o‘girdi deb tanqid qildingiz. Mening o‘rnimda bo‘lganingizda... Bitta nuqtaga, bitta mamlakatga bog‘lanib qolib bo‘lmaydi. U sendan yuz o‘girish mumkinligi uchun emas. Yo‘q. Sen 85 foiz mahsulot yetkazib berayotgan nuqtada beqarorlik bo‘lib qolishi mumkinligi uchun. Shu zahoti chilparchin bo‘lasan. Shuning uchun diversifikatsiya qildim. Xitoyga. Bugun mahsulotimizni dunyoning 130 davlatiga sotamiz. Bu yaxshi. Ammo asosiy bozorimiz, 48 foiz atrofida — bu Rossiya Federatsiyasi”.

Vagnerchilar haqida: “Ular Belarusga nima uchun kelishganini haligacha bilolmadim”

Lukashenko Belarusda qo‘lga olinib, so‘ngra Rossiyaga qaytarilgan 33 nafar rossiyalik to‘g‘risida batafsil gapirdi. U rossiyaliklarning mamlakatga kirib kelishidan tortib to qo‘lga olinguniga qadar barcha tafsilotlardan xabardor bo‘lib turganini, ularni Rossiyaga topshirishga o‘zi bosh-qosh bo‘lganini ta'kidladi.

“Agarda ularning Belarusda noqonuniy harakatlarni amalga oshirish uchun kelmaganliklariga ishonch hosil qilganimda edi... Buni haligacha bilmayman. Ularga insoniy munosabatda bo‘ldim, ammo bizga nima uchun kelishganini bilmayman. Agar sizlar aytgandek, Ukraina, amerikaliklar va hokazolarga ishonadigan bo‘lsak – ishonishga ko‘proq moyilman, ammo 100 foiz emas”, deb qo‘shib qo‘ydi u.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid