Ma'lumki, ishlash uchun xorijga jo‘nash vodiy viloyatlarida ham an'ana tusiga kirgan. Bugungi kunda migratsiya masalalari bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan Namangan viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Tolib Yusupov bilan suhbatlashdik.
– Tolibjon aka, bilamizki, Namangan viloyati ham aholi juda zich viloyatlardan biri va bu hududda ham migratsiya oqimi kuchli. Avvalo, aholi soni va muhojirlar haqidagi raqamlar bilan tanishtirsangiz.
– To‘g‘ri, chindan ham Namangan viloyati aholi soni va zichligi bo‘yicha yetakchilardan biri hisoblanadi. Hozirgi kunda viloyatda 2 mln 813 mingga yaqin aholi ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, uzoq muddatga chet elda bo‘lgan shaxslar soni 157 410 nafarni (shundan erkaklar 133 542 nafar, ayollar 23 868 nafar va voyaga yetmaganlar 1589 nafarni) tashkil etgan.
Joriy yilning 1 avgust holatiga 85 750 nafar shaxs xorijdan qaytib kelgan bo‘lib (shundan erkaklar 69 129 nafar, ayollar 16 621 nafar hamda voyaga yetmaganlar 381 nafarni tashkil etib), shundan 46 405 nafarining bandligi ta'minlangan.
Viloyatimiz bo‘yicha xorijdagi yurtdoshlarimizning asosiy qismi Rossiya (44 foiz), Qozog‘iston (38 foiz) va Janubiy Koreyaga (3 foiz) to‘g‘ri kelib, 65 ming nafari ishlashga, 1,4 ming nafari o‘qishga, 2,5 ming nafari boshqa maqsadlarda chiqib ketgan.
– Xorijda ishlash istagida bo‘lganlarga ko‘mak berish uchun Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga tobora ko‘proq vakolat va mas'uliyat yuklanmoqda. Bu natija beryaptimi?
– Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Namangan filiali tomonidan pandemiya davrida fuqarolarni Rossiya (40 nafar), Qozog‘iston (17 nafar) davlatlariga tashkiliy tartibda ishga yuborilgan. Hozirgi kunda, chet davlatlarida ishlash istagida murojaat qilganlar 1,7 ming nafarni tashkil etadi.
Ish izlovchilarning 42 foizi qurilish sohasi bo‘yicha mutaxassislar, 12 foizi yengil sanoat sohasi, 17 foizi qishloq ho‘jaligi, 29 foizi kasb-malakaga ega bo‘lmaganlarni tashkil etadi.
Chet davlatlarda ishlash istagi bo‘lgan, biroq pandemiya sababli chet elga keta olmagan 130dan ziyod fuqaro 12 turdagi (santexnik, elektrik, payvandlovchi, tokar, asalarichilik, oshpaz-qandolatchilik, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish va h.k.) yo‘nalish bo‘yicha har bir guruhlarda 15 nafardan kasb-hunar va xorijiy til kurslariga o‘qitish boshlandi.







