O‘zbekiston | 07:52 / 22.09.2020
25898
5 daqiqa o‘qiladi

Madaniyat vazirligi Samarqandda buzilgan tarixiy bino bo‘yicha keskin munosabat bildirdi

Samarqand viloyati Madaniy meros boshqarmasi rahbari Amir Temur ko‘chasidagi bino buzib bo‘lingach, vazirlik qoshidagi madaniy meros Departamentga xabar bergani ma'lum qilingan.

Samarqand shahar, Amir Temur ko‘chasida joylashgan 14-uyning buzilishi bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda keskin muhokama qilinayotgan fikrlar bo‘yicha Madaniyat vazirligi o‘z munosabatida Samarqand shahar hokimligidan Amir Temur ko‘chasi, 14-uy buzilishi bo‘yicha tushuntirish berishlarini talab qiladi.

Madaniy meros departamenti ekspertlari tomonidan ushbu obekt 2010 yilda madaniy meros obekti ro‘yxatidan chiqarilgan bo‘lsa ham u tarixiy qurilish inshootining bir qismi hisoblanar edi. Nega Madaniyat vazirligi Amir Temur ko‘chasi, 14-uy obektining buzilishi, shuningdek u yerdagi buzilishlar haqidagi sud qaroridan xabardor qilinmadi?

Madaniyat vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasiga 1990-2000 yillarda tarixiy obektlarni qaysi sabablarga binoan ro‘yxatdan chiqarilganligi bo‘yicha quyidagi so‘rovnoma asosida tekshiruv o‘tkazilishi masalasi bo‘yicha murojaat qiladi:

1. Obektlar nega ro‘yxatdan chiqarildi?

2. Ushbu xulosalar kim tomonidan qabul qilingan?

3. Xulosalar madaniyat vazirligi va viloyat hokimiyatining qaysi rahbari tomonidan tasdiqlangan?

4. Ro‘yxatdan chiqarilgan boshqa obektlarning taqdiri nima bo‘lgan?

Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasi tomonidan Madaniy meros departamentining barcha viloyatdagi inspeksiyalar faoliyati, shu jumladan, Samarqand viloyat madaniy meros boshqarmasining faoliyati ham o‘rganilib, madaniy meros saqlanishiga nisbatan bir qancha qonunbuzarliklar aniqlandi.

Madaniyat vazirligi ushbu qonunbuzarliklar uchun barcha aybdorlar va Samarqand viloyati madaniy meros bo‘limidagi aloqador shaxslarning mazkur noqonuniy xatti-harakatlariga nisbatan javobgarlik chora-tadbirlari qo‘llanishini bildiradi. Samarqand viloyati Madaniy meros boshqarmasi rahbari bino buzib bo‘lingach, Departamentga xabar bergan.

Madaniyat vazirligi ta'kidlaydiki, agar tarixiy obektning buzilishi Samarqand shahar hokimligi tomonidan amalga oshirilgan hamda Madaniyat vazirligi bu jarayonni tasdiqlamagan bo‘lsa, u holda buzilishga oid mas'uliyatni shahar hokimligi o‘z zimmasiga olishi va bunga aloqador shaxslar amalga oshirgan noqonuniy xatti-harakatlari uchun qonunda belgilangan tartibda jazolanishi shart.

Madaniyat vazirligi shuni bildiradi:

Samarqand viloyati Madaniy meros bo‘limini boshqarish ekspert kengashining barcha qarorlari bekor qilinadi. Sabab, Samarqand viloyati Madaniy meros bo‘limini boshqarish ekspert kengashining tarkibi haqidagi zarur hujjatlar taqdim qilinmagan va shu tufayli ular Madaniy meros departamenti, O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri tomonidan tasdiqlanmagan; Madaniy meros departamenti huzuridagi Ilmiy-tadqiqot kengashida mutaxassislardan birining majburiy ishtirok etishi talablari bajarilmagan.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Samarqand viloyati hokimiyati va Samarqand shahar hokimligidan YuNeSKO hududlariga qo‘yilgan barcha talab me'yorlariga qat'iy amal qilinishini talab qiladi.

Ayni paytda Madaniyat vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2019 yil oktabr oyida tasdiqlangan madaniy meros obektlari ro‘yxatiga kirgan madaniy meros obektlarini saqlab qolishni o‘rganibgina qolmay tarixiy-madaniy ahamiyatga ega, ammo ro‘yxatga kirmagan obektlarni ham asrash masalasini o‘rganib chiqmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Samarqand shahri, Amir Temur ko‘chasi 14-uy manzilidagi, Samarqand davlat tibbiyot institutining 800 o‘rinli yangi barpo etilgan o‘quv binosi oldidagi sobiq qahvaxona binosi buzilishi boshlangani haqida xabar bergan edik.

Samarqand shahar hokimligi ma'lumotiga ko‘ra, bino shaharsozlik talabiga javob bermaydi. 2017 yilda mazkur hududdagi shaharsozlik talablariga mos kelmaydigan bino va inshootlar buzilishi hamda egalariga kompensatsiya to‘lovlari berilishi ko‘zda tutilgan.

Biroq, mazkur binoni buzish ishlari ancha vaqtdan buyon nizoli bo‘lgani sabab qoldirilib kelingan.

Ish joriy yilning 3 iyun kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha shahar sudining ochiq sud majlisida ko‘rib chiqilib, da'vogar — shahar hokimligi foydasiga hal etilgan.

Hokimlik, hamda Samarqand viloyat majburiy ijro byurosi ma'lumotlariga ko‘ra, javobgar, noturarjoy obektining egasi V.Elona ayni vaqtda O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lmaganligi sababli uning nomiga ochilgan hisob raqamga 640 million so‘m tovon puli o‘tkazib berilgan.

O‘zini V.Elonaning ishonchli vakili deb tanishtirgan Maqsud Abdujabborov esa bino buzilishini xususiy mulkka tajovuz hamda noqonuniy deb bilishini ma'lum qilmoqda. Unga ko‘ra, Madaniy meros obektlarini muhofaza qilish inspeksiyasi ruxsati bilangina ushbu bino buzilishi mumkin.

Shahar hokimligi mutasaddilari esa mazkur sobiq qahvaxona tarixiy bino hisoblanmasligi va bu bo‘yicha tegishli tashkilotlarning xulosalari mavjud ekanini ta'kidlagan.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid