Jahon | 09:15 / 24.09.2020
10964
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp AQShda hokimiyatning tinch yo‘l bilan topshirilishini kafolatlashdan bosh tortdi

Foto: REUTERS / Jonathan Ernst

AQSh prezidenti Donald Tramp prezident saylovlari natijalari bo‘yicha mamlakatda hokimiyatning tinch yo‘l bilan topshirilishini kafolatlay olishi haqida berilgan savolni javobsiz qoldirdi.

“Keling, nima yuz berishini ko‘raylik. Men pochta orqali ovoz berish falokat bo‘lishini aytib o‘tdim”, deb javob qilgan Tramp tegishli savolga.

Shu bilan birga, AQSh prezidenti saylovlarda g‘alaba qozonishiga ishonchi komilligini aytgan. “Hokimiyatning hech qanday topshirilishi bo‘lmaydi, aksincha uning davomi bo‘ladi”, deb ta'kidlab o‘tgan Tramp. 

Avvalroq Tramp saylovlarda mag‘lubiyatga uchrasa, saylovlar natijalarini tan olmasligi mumkinligini aytgan. Trampning saylovlar bo‘yicha raqibi Jo Bayden bunga javoban bunday holatda harbiylar Trampni Oq uydan olib chiqishlariga to‘g‘ri kelishini aytgan.

AQShda prezident saylovlari 3 noyabrda bo‘lib o‘tadi. Unda g‘oliblikka asosiy da'vogarlar Donald Tramp va Jo Bayden hisoblanadi.

Oxirgi o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, Bayden saylovchilar orasida qo‘llab-quvvatlanish borasida Trampni 5,8 foiz ortda qoldirmoqda.

Mavzuga oid