2016 yilning 8 noyabrida AQSh prezidentligi uchun saylovlar qanday kechganini kuzatib borganlarning aksariyati dam-badam The New York Times sahifalarini yangilab, saylov natijalari bo‘yicha prognozlar bilan tanishardi. Ovozlarni hisoblashning dastlabki bosqichida, hali hal qiluvchi shtatlardan natijalar kelib tushmaganida jamoatchilik o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlarning natijalari Hillari Klintonning ishonchli g‘alabasi haqida prognoz qilardi - 80 foizdan ortiq. Trampning imkoniyatlari esa o‘shanda 20 foizdan pastroq baholanayotgandi.

Ammo ijtimoiy so‘rovlarga asoslangan prognozlar o‘zini oqlamadi.

O‘shanda bir kun ichida Klinton xonimning ustunligi yo‘qqa chiqqan. Kechqurun soat 8ga borib Trampning g‘alabasi ehtimoli 95 foizga baholana boshlagan.

Ammo bu prognozlar hech qachon to‘g‘ri bo‘lmasligi va unga ishonmaslik kerakligini anglatadimi? BBC rus xizmati shu kabi savollarga javob izladi.

Tramp va Baydenning ilk debati. Ustunlik kim tomonda?

Xatolik bo‘lganmidi?
Eng muhimi, sotsiologlar o‘shanda Hillari Klinton 2-3 foiz punkt farqi bilan g‘alaba qozonishini prognoz qilishgandi. Ular bu borada adashishmadi: Klinton chindan ham Trampni saylovchilarning ovozi bo‘yicha 2 foizlik farq bilan ortda qoldi. U saylovda yutqazmagani aniq edi, ammo Tramp delegatlari soni ko‘proqligi evaziga g‘olibga aylangandi.

To‘rt yil muqaddam Hillari Klinton so‘rovlarda yetakchilik qilgan va unga ovoz berganlar soni Trampning tarafdorlaridan uch millionga ko‘proq bo‘lgan, ammo u baribir yutqazgandi

Shovqin-suronlar tugagach, sotsiologlar nima o‘xshamaganini aniqlashga kirishishadi. Ular aniqlashtirish kerak deb hisoblagan bir qancha farazlar mavjud edi.

Avvaliga xatolik ayrim respondentlar muntazam ravishda so‘rovnomalar savollarini javobsiz qoldirgani tufayli yuz bergani taxmin qilinadi. Xususan, kam ma'lumotli saylovchilar odatda so‘rovlarda qatnashishdan bosh tortishardi.

Ikkinchi nazariyaga ko‘ra, so‘rovnomalarda ishtirok etgan odamlarning bir qismi shunchaki rostgo‘ylik qilishmagan: ular shunchaki so‘rovnoma o‘tkazuvchilar bilan suhbatlar vaqtida «dongdor bo‘lmagan» nomzodga ovoz berish niyatini tan olmagan bo‘lishi mumkin. Bunday ehtimol yuqori edi, ayniqsa, «Bredli effekti» hisobga olinsa: 1982 yilda qora tanli demokrat Tom Bredli Kaliforniya gubernatorligi uchun saylovlarda respublikachi nomzodga yutqazgandi, holbuki u saylovdan oldin barcha so‘rovnomalar bo‘yicha oldinda borgan. Sababi oddiy  edi - intervyu berganlarning ko‘pchiligi bu qora tanli nomzodga ovoz bermoqchimasligini tan olishdan uyalgan.