O‘zbekiston | 19:37 / 16.10.2020
33128
9 daqiqa o‘qiladi

Ballar oshishiga sabablar, yangi sertifikat tizimi va imtiyozlar - DTM direktori o‘rinbosari bilan suhbat

Bu yil kirish imtihonlari oldingilaridan farqli tarzda o‘tkazildi, ko‘proq abituriyent hujjat topshirdi, savollar osonlashtirildi. Testlar osonroq bo‘lgani hisobiga maksimal ball to‘plaganlar, ballari teng bo‘lib qolganlar ham ko‘p uchradi.

Kun.uz muxbiri Davlat test markazi direktori o‘rinbosari Sardor Rajabov bilan suhbatda bo‘lib, qabul jarayoniga oid qator savollarga javob oldi.

Ballar oshishiga sabablar

– Bu yil test sinovlari oldingiga qaraganda boshqacha sharoitda o‘tdi. Hujjat topshirgan abituriyentlar soni ham ko‘proq bo‘ldi. Testlar ham soddalashtirildi, fanlar kamaytirildi, birinchi qiyinchilik darajasidagi savollar ko‘paytirilib, to‘rtinchi qiyinchilik darajasidagi savollar olib tashlandi. Bular ball ko‘tarilishiga, maksimal ball olgan abituriyentlar soni ko‘payishiga sabab bo‘ldi.

Bunga imtihonda faqat 2ta mutaxassislik fani qoldirilgani ham sabab bo‘ldi. Sababi o‘tgan yillarda ko‘pchilik abituriyentlar uchinchi fanni tavakkal ishlar edi.

Nechta abituriyent maksimal ball oldi?

– Maksimal ball olganlar keskin ko‘paygani yo‘q. Masalan, Toshkent davlat yuridik universitetida 400dan ortiq maksimal ball olganlar kuzatildi, degan turli xabarlar tarqaldi. Lekin bu OTMda maksimal olganlar 50ta atrofida bo‘lgan. Yuridik universitet azaldan o‘ziga ishonganlar hujjat topshiradigan va ball yuqori bo‘ladigan OTM hisoblanadi.

Maksimal ball olgan abituriyentlar soni bilan bog‘liq statistikalar apellyatsiya jarayonlari ham to‘liq tugagach umumlashtiriladi.

«Teng ball to‘plagan abituriyentning biri grantga, biri kontraktga kirmagan»

– Teng ball olgan abituriyentlar masalasiga kelsak, ularning hech birining huquqi cheklangani yo‘q. Aytaylik, oxirgi grant o‘rniga yetadigan ball to‘plagan abituriyent bir emas, bir nechta bo‘lsa, ularning hammasi grant asosida qabul qilindi. Bir abituriyent grant asosida, qolganlar kontrakt asosida qabul qilingani yo‘q. Kontrakt asosida talaba bo‘lganlarning ballini hisoblashda ham xuddi shu tartib qo‘llanildi.

Ballar yuqori bo‘lishiga savollar takrorlangani sabab emasmi?

– Yo‘q, savollar takrorlangani yo‘q. Faqatgina bir smenadagi bir nechta abituriyentga bir xil savol tushgan. Lekin o‘tgan smenadagi savollar boshqa smenadagi abituriyentga qayta tushmagan.

Savollar tarqalishi bilan bog‘liq bir nechta holatlar kuzatildi. Masalan, savollarning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalish holatlari kuzatildi. Ularning hammasiga chora ko‘rildi, aksari imtihon jarayonining o‘zidayoq testdan chetlatilgan.

Test savollarini tuzish, ularni variantlarga taqsimlash, imtihondan qaytgan savollar bilan ishlovchi xodimlar Davlat test markazining alohida binosida yopiq rejimda ishlaydi. Ular odatiy tartibda ishlaydigan vaqtda ham maxsus binoga axborot tashuvchi qurilmalar olib kirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Xodimlarni huquqni muhofaza qiluvchi organlar ham nazorat qiladi. Shuning uchun savollarning tarqalib ketishi mumkin emas.

Javob chiqqan kuni DTM sayti ishlamay qolgani haqida

– O‘tgan yilgiga qaraganda bu yil qo‘shimcha serverlar sotib olingan edi. 1,5 millionga yaqin abituriyentning hujjat topshirish jarayonida bir kun ham uzilish bo‘lgani yo‘q. Hujjat topshirishning dastlabki kunlari soniyasiga 15-16 ming odam saytga kirgan bo‘lsa, bu yuklama oxirgi kunlarga 55 mingga yetdi.

Imtihon natijalari e'lon qilingan kunda soniyasiga 600 mingdan ortiq odam saytga kirgan. Serverlar o‘tgan yilgiga qaraganda takomillashtirilgan edi, lekin baribir yuklama yuqori bo‘lgani uchun sayt uni ko‘tara olmadi. Saytning ishlamay qolgan vaqt bir necha soatni tashkil qildi, keyin tizim o‘zini tiklab oldi va ishlab ketdi.

Yana bir tarafi – DTM saytiga har doim ham 600 mingdan ortiq murojaat bo‘lmaydi. Bunday yuklama bir yilda nari borsa, bir-bir yarim kunni tashkil qiladi. Shunday qisqa muddat uchun juda kuchli serverni tayyorlab qo‘yish ham unchalik to‘g‘ri bo‘lmaydi. Lekin shunday bo‘lsa-da, kelgusi yillarda bunday muammo bo‘lmasligi uchun hozir tegishli vazirliklar bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.

«Imtiyozlarning asosiy qismi kvotadan tashqarida»

– Imtiyozlarni bir nechta toifaga bo‘lish mumkin. Birinchisi, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash uchun belgilangan imtiyozlar: bular orasida «Zulfiya», «Mard o‘g‘lon» mukofoti g‘oliblari, tanlov sovrindorlari bor.

Ikkinchi turdagi imtiyozlar harbiy xizmatchilarning davlat oldidagi xizmatlarini munosib rag‘batlantirish uchun beriladigan imtiyozlar. Masalan, harbiy xizmatchilarning farzandlari uchun beriladigan imtiyozlar.

Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari, imkoniyati cheklanganlar uchun, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash uchun ajratiladigan imtiyozlar ham bor. Temurbeklar maktabi bitiruvchilariga ham imtiyoz belgilangan bo‘lib, bitiruvchilarga o‘zlari to‘plagan ballga ma'lum foizdagi ball qo‘shib beriladi.

Bundan tashqari, alohida fanlarga ajratiladigan imtiyozlar ham bor: masalan, chet tilidan B2 darajasidagi sertifikatga ega abituriyentlarga shu fandan imtiyoz beriladi.

Barcha imtiyozlar tegishli vazirlik tomonidan Davlat test markaziga tasdiqlab beriladi. Faqatgina bu yil markaz chet tili sertifikatlarini o‘zi tekshirdi.

Imtiyozlarning deyarli barchasi alohida kvotada hisoblanadi. Masalan, imkoniyati cheklanganlar uchun, xotin-qizlar uchun, olis hududlarda yashovchilar uchun ajratiladigan imtiyozlarga alohida kvota ajratiladi. Ular umumiy kvotada imtihon topshiradigan abituriyentlar huquqini cheklamaydi.

Bir nechta: «Zulfiya», «Mard o‘g‘lon» mukofoti g‘oliblari va Yoshlar ittifoqi tavsiyanomasiga ega bo‘lganlar uchun beriladigan imtiyozlar umumiy kvota doirasida hisoblanadi va ular imtihonsiz to‘g‘ridan to‘g‘ri grantga tavsiya etiladi.

Lekin imtiyozlarning asosiy qismi kvotadan tashqari hisoblanadi.

«Apellyatsiya uchun ariza bergan abituriyentlarning bor-yo‘g‘i 25 foizi apellyatsiyada qatnashdi»

– Ayni paytda imtihon natijalaridan norozi bo‘lganlar uchun apellyatsiya jarayonlari davom etmoqda. Abituriyentlar uchun markazda alohida xona ajratilgan.

Hozirga qadar 6 mingdan ziyod abituriyentning arizalari ko‘rib chiqildi, ularning bor–yo‘g‘i 25 foizi apellyatsiyada qatnashdi (suhbat 14 oktabr kuni yozib olingan – Z.G‘.). Aksar abituriyentlar imtihonda savollarni tavakkal ishlaydi va qiziqqonlik bilan apellyatsiyaga ariza yozadi, keyinroq savollarni noto‘g‘ri ishlaganini tan oladi va apellyatsiya kuni kelmaydi.

Yana bir toifa abituriyentlar esa bu jarayonni noto‘g‘ri tushunadi: ular ariza yozsa, qayta test ishlashiga imkon beriladi deb tushunishadi. Shuning uchun ham ariza yozganlarga qaraganda apellyatsiya kuni keladiganlar soni ancha kam bo‘ladi.

Sertifikatlash tizimiga o‘tiladi

– Kelgusi yillardan fanlarni sertifikatlash tizimiga bosqichma-bosqich o‘tilmoqda. Ayni paytda har bir hududda Davlat test markazining binosini qurish choralari ko‘rilmoqda. U yerda yil bo‘yi testlar o‘tkaziladi, turli fanlardan sertifikatlar beriladi. O‘sha sertifikatlar bilan abituriyentlar kirish imtihonlarida qatnashishi mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, maktab bitiruvi imtihoni bilan OTMga kirish imtihonini unifikatsiya qilish bo‘yicha qaror loyihasi ham ishlab chiqilmoqda. Agar u ham amalga oshsa, xohlovchilar yil bo‘yi sertifikat uchun imtihon topshirib, unga ega bo‘lishi, bitiruvchilar esa yakuniy imtihondan kerakli natijaga ega bo‘lib, shu natija bilan kirish imtihonlarida qatnashishlari mumkin.

Bular amalga oshishi bilan test jarayonining bir vaqtga to‘g‘ri kelmasligiga olib keladi. Test sinovlarining uzoq muddat davom etmasligiga yordam beradi.

Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi.
Tasvirchi – Nuriddin Nursaidov.

Mavzuga oid