Jahon | 22:38 / 21.10.2020
5619
2 daqiqa o‘qiladi

Braziliyada Astrazeneca’ning vaksinasi sinovlari ishtirokchisi vafot etdi

Braziliyada Astrazeneca kompaniyasining koronavirusga qarshi vaksinasi sinovlarida ishtirok etgan ko‘ngilli vafot etdi. 

Foto: Getty Images

O GLOBO nashrining xabar berishicha, vafot etgan ishtirokchi 28 yoshli erkak bo‘lgan va unda hech qanday yondosh kasalliklar bo‘lmagan.

Erkak vaksina yoki platsebo olgani haqida tasdiqlangan ma'lumot yo‘q. Vaksina ishlab chiquvchilariga yaqin manbalarning ta'kidlashicha, erkak platsebo olgan.

Vafot etgan ko‘ngilli Rio-de-Janeyrodagi xususiy shifoxonada koronavirusga chalingan kasallarni davolash bo‘limida shifokor bo‘lib ishlagan.

U sinovlarda iyulda ishtirok etgan, sentyabrda esa koronavirusga chalingan.

AstraZeneca ko‘ngillining o‘limi bo‘yicha rasmiy pozitsiyaga ega emasligini ma'lum qilgan. Bu orada vaksina sinovlari xavfsizligini baholash bo‘yicha xalqaro qo‘mita ko‘ngillining o‘limiga qaramay, vaksina sinovlarini davom ettirishni tavsiya qilgan. 

Avvalroq AstraZeneca kompaniyasi va Oksford universiteti birgalikda ishlab chiqayotgan vaksinaning sinovlari ko‘ngillilardan birida nojo‘ya ta'sir keltirib chiqargani sababli to‘xtatilgandi. Ta'kidlanishicha, sinovlar ishtirokchisida orqa miyaning yallig‘lanish kasalligi - ko‘ndalang miyelit aniqlangan. Mutaxassislar buni emlashning ikkilamchi ta'siri bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishgan.    

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid