Jamiyat | 17:27 / 22.10.2020
13931
3 daqiqa o‘qiladi

O‘lim haqidagi guvohnomani olish uchun qanday hujjatlar talab qilinishi eslatib o‘tildi

Davlat xizmatlari agentligi axborot xizmati rahbari Sevara Zokirova o‘lim guvohnomasini olish uchun qanday hujjatlar talab qilinishi mumkinligi haqida ma'lumot berdi.

«O‘limni qayd etish to‘g‘risidagi ariza o‘lim to‘g‘risidagi tibbiy guvohnoma berilganidan keyin 3 kundan kechikmay berilishi kerak. O‘limni qayd ettirish to‘g‘risida marhumning qarindoshlari va yaqin kishilari, shuningdek, tibbiy muassasa ma'muriyati murojaat etishi mumkin. Ular o‘lim to‘g‘risida tibbiy guvohnoma va marhumning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishadi.

Agar voyaga yetmagan vafot etgan shaxsga nisbatan FHDYo organida tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvi qayd etilmagan bo‘lsa, vafot etgan shaxsga tug‘ilganlik haqida dalolatnoma yozuvi qayd etilib, bu haqda ariza bergan shaxsga ma'lumotnoma beriladi, shundan so‘ng vafot etgan shaxsga nisbatan belgilangan tartibda o‘lim haqidagi dalolatnoma yozuvi qayd etiladi», dedi Davlat xizmatlari agentligi vakili AOKAda o‘tkazilgan brifingda.

Brifingda oilaviy korxona qanday tashkil etilishi haqidagi savolga ham javob qaytarildi.

«Oilaviy korxona uning ishtirokchilari tomonidan tovarlar ishlab chiqarish va realizatsiya qilish uchun ixtiyoriy asosda, ishtirokchilarning ulushli yoki umumiy mol-mulk, shuningdek, ishtirokchilardan har birining mol-mulki negizida tashkil etiladigan kichik tadbirkorlik sub'yektidir.

Oilaviy korxona faoliyati uning ishtirokchilarining shaxsiy mehnatiga asoslanadi. Korxona faoliyatni faqat yuridik shaxs sifatida faoliyat ko‘rsatadi.

Ushbu korxona ishtirokchilari va yollanma xodimlarining umumiy soni kichik tadbirkorlik sub'yektlari xodimlarining qonun hujjatlarida belgilangan o‘rtacha yillik sonidan ko‘p bo‘lishi mumkin emas. Bunda oilaviy korxona ishtirokchilarining eng kam soni ikki kishidan oz bo‘lmasligi kerak.

Korxonani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun Davlat xizmatlari markaziga borgan holda yoki elektron shaklda my.gov.uz portali orqali murojaat qilish mumkin.

Ro‘yxatdan o‘tkazish uchun shaxsni tasdiqlovchi hujjat, davlat tilidagi ta'sis shartnomasi, davlat boji to‘langani to‘g‘risidagi ma'lumotlar talab etiladi. Tadbirkorlik sub'yektini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 1 barobari miqdorida davlat boji undiriladi. Elektron tarzda murojaat etganda 10 foizlik chegirma mavjud», dedi Sevara Zokirova.

Mavzuga oid