Jahon | 20:18 / 06.11.2020
5122
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropa ittifoqi Aleksandr Lukashenkoga qarshi sanksiyalar kiritdi

Yevropa ittifoqi kengashi 6 noyabrda Belarus rahbariyatiga nisbatan yangi sanksiyalar ro‘yxatini tasdiqladi. Yangi ro‘yxatga ko‘ra, sanksiyalar ostiga shaxsan Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko va yana 14 nafar rasmiy shaxs tushgan.

Foto: kremlin.ru

Sanksiyalar ostiga tushganlar orasida, shuningdek, Lukashenkoning ma'muriyati rahbari Igor Sergeyenko va Davlat xavfsizlik qo‘mitasi rahbari Ivan Tertel ham bor. Sanksiyalar Yevropa banklarida aktivlar muzlatilishi va Yevropa ittifoqi davlatlariga kirishni taqiqlashni ko‘zda tutadi. 
        
Yevropa ittifoqi kengashi Belarusning yuqori lavozimdagi mansabdor shaxslari, jumladan Lukashenkoga nisbatan cheklovlar kiritish masalasini ko‘rib chiqayotgani 12 oktyabrda ma'lum bo‘lgandi.  

Yevropa ittifoqi rahbariyatining bunday reaksiyasiga Belarusdagi namoyishchilarga nisbatan garmdori gazi va shovqin granatalari qo‘llangani hamda rezina o‘qlar otuvchi travmatik qurol qo‘llanishi mumkinligi bilan bog‘liq tahdidlar sabab bo‘lgan. Germaniya tashqi ishlar vaziri Xayko Maas “Lukashenko tuzumi tomonidan zo‘ravonlik davom etayotganini” ta'kidlab o‘tgan.  

Ushbu sanksiyalar Yevropa ittifoqining Belarusda o‘tgan saylovlardan keyin mamlakat rahbariyatiga qarshi kiritayotgan birinchi sanksiyalari emas. Sanksiyalar ilk bor 2 oktyabrda kiritilgandi va ularga “Belarusdagi prezident saylovlarining soxtalashtirilishi va mamlakatda inson huquqlari buzilishi” asos qilib ko‘rsatilgandi. “Qora ro‘yxat”ga 40ga yaqin rasmiy shaxs tushgan, biroq unga Lukashenko kiritilmagan edi.   

Mavzuga oid