Jahon | 22:26 / 11.11.2020
5689
2 daqiqa o‘qiladi

Efiopiya armiyasi bir necha kun ichida 550ga yaqin isyonchini yo‘q qildi

Efiopiya shimolidagi Tigray viloyatini nazorat qilib kelgan Tigray Xalq ozodlik fronti (TPLF)ga qarshi harbiy operatsiyada 550ga yaqin isyonchi yo‘q qilindi.

Foto: Anadolu Agency

Efiopiya davlat televideniyesi – EBC xabariga ko‘ra, general-mayor Belay Seyum 4 noyabrda boshlangan operatsiyada shu paytgacha 550 isyonchi yo‘q qilingani va 29 kishi qo‘lga olinganini ma'lum qilgan.

U Seyum, Dansha, Tirkan, Baker, Ravuyan va Humera shaharlari milliy armiya nazorati ostida ekanini ham e'lon qilgan. Harbiy harakatlarda isyonchilarning ko‘p sonli o‘q-dorilari va harbiy transport vositalari qo‘lga kiritilgan.

Efiopiya bosh vaziri Abiy Ahmad 4 noyabr kuni milliy armiya bo‘linmalariga hujum qilgan Tigray Xalq ozodlik frontiga qarshi harbiy choralar ko‘rishga qaror qilganliklarini e'lon qilgan edi. E'londan so‘ng Efiopiya Vazirlar Kengashi Tigray viloyatida 6 oy davomida favqulodda holat e'lon qilgan.

Afrikadagi aholisi soni bo‘yicha ikkinchi o‘rinda bo‘lgan Efiopiyadagi ushbu mojarolar fuqarolar urushiga olib kelishi va mamlakatdagi vaziyatni beqarorlashtirishi mumkinligi kuzatuvchilarni xavotirga solmoqda.

Bosh vazir Abiy Ahmed 2018 yilda hokimiyat tepasiga kelguniga qadar TPLF mamlakat siyosatida o‘z so‘ziga ega bo‘lgan. Efiopiyaning 11 ma'muriy tumanlaridan biri bo‘lgan Tigray aholisi umumiy aholining taxminan 6 foizini tashkil qiladi. Yaqinda mamlakatda yuz bergan teraktlar ortida turganlikda ayblangan TPLF 2019 yilda hukmron koalitsiya tarkibidan chiqqan.

Partiya hukumatning saylovlarni keyinga qoldirish to‘g‘risidagi qaroriga qaramay, mahalliy hokimiyat organlariga saylovlarni sentabr oyida o‘tkazgan va g‘alaba qozongan. Saylovlardan so‘ng markaziy hukumat mahalliy ma'muriyat bilan barcha aloqalar uzilganini e'lon qilgandi.

Mavzuga oid