Jahon | 02:09 / 16.11.2020
13556
2 daqiqa o‘qiladi

Armaniston MXXning sobiq rahbari sud zalida ozod qilindi

Foto: Sputnik

Armaniston sudi Milliy xavfsizlik xizmatining sobiq direktori, bosh vazir Nikol Pashinyanni o‘ldirishga tayyorgarlik ko‘rish gumoni bilan 14 noyabrda hibsga olingan Artur Vanetsyanni ozod qildi. Sudning ushbu qaroridan keyin Vanetsyan o‘zining ta'qib qilinishini siyosiylashtirilgan deb atagan.

Yerevanning Shengavit tuman sudi “Vatan” muxolif partiyasi raisi bo‘lgan  Vanetsyanning hibsga olinishini qonunga xilof deb topdi va uni sud zalida ozod qildi.

“Barcha tarafdorlarim, butun arman xalqiga shuni aytamanki, hech qanday jinoyat sodir etmaganman. Bu xoin hokimiyat meni siyosiy jarayonlardan chetlatishga, navbatdagi marta noqonuniy va uydirma ishlar bilan siyosiy faoliyatimga to‘sqinlik qilishga urindi. Biroq Yaratganga shukr, adolat bor va u joriy bosqichda tantana qildi”, – deb aytgan Vanetsyan sud zalidan chiqqach o‘z tarafdorlariga. 

Vanetsyan va boshqa muxolifatchilar Armanistondagi norozilik aksiyalaridan keyin hibsga olingandi. Namoyishchilar Armanistonning Ozarboyjon bilan yarashuv kelishuvini tuzganidan norozilik bildirib, bosh vazirning iste'fosini talab qilishgan.

Avvalroq Armaniston Milliy xavfsizlik xizmati hukumatga qarshi qarashlarga ega bir guruh odamlar tomonidan Pashinyanga suiqasd qilinishi oldini olganini ma'lum qilgan. Vanetsyan bilan birga parlamentning sobiq deputati Vagram Bagdasaryan ham hibsga olingan. 

Vanetsyanga oldindan til biriktirgan holda davlat, siyosiy yoki jamoat arbobini o‘ldirishga tayyorgarlik ko‘rish, qurolni noqonuniy sotib olish, sotish, saqlash hamda hokimiyatni tortib olish ayblovlari ilgari surilgan.

41 yoshli Artur Vanetsyan Milliy xavfsizlik xizmatiga 2018 yil mayidan 2019 yil sentyabrigacha rahbarlik qilgan.

Mavzuga oid