Jahon | 22:14 / 22.12.2020
11718
2 daqiqa o‘qiladi

«Qashshoq, lekin qul emas» - The Economist saylovdagi soxtalikni yenggan Malavini «Yil mamlakati» deb topdi

Bu yil eng katta o‘sishga erishgan davlat sifatida Afrika janubidagi Malavi davlati e'tirof etildi. The Economist Malavida saylov natijalarini soxtalashtirishga qarshi harakatlarni e'tirof etgan. «Odamlar demokratiya uchun oyoqqa turgan davlat – oldinga tomon eng katta qadam tashlagan davlatdir», deya qayd etgan nashr.

Foto: The Economist

The Economist turli mamlakatlardagi vaziyatni, koronavirus pandemiyasi davrida tutilgan yo‘lni tahlil qilgan. Nashr Yangi Zelandiyada koronavirus bilan bog‘liq holat barqaror bo‘lgani, faqatgina 25 kishi infeksiya tufayli vafot etganini qayd etadi. Tayvan esa sezilarli iqtisodiy o‘sish ko‘rsatgani, koronavirusga qarshi samarali kurash olib borgani uchun e'tirof etiladi.

Nashrga ko‘ra, garchi AQSh koronavirusga qarshi kurashda Italiya, Ispaniya va Buyuk Britaniya kabi yomon harakat qilgan bo‘lsa-da, shtatlarda vaksina dasturi ahamiyatga ega bo‘ldi. Shuningdek, AQShda saylovchilar noyabrda Donald Tramp nomzodini rad etib, populizmning, yana bir global tabiiy ofatning, tarqalishini to‘xtatishga muvaffaq bo‘ldilar.

«Biroq yil mukofoti bu safar Afrika janubidagi davlatga nasib qildi. Tahlillarga ko‘ra, dunyoning 80 davlatida inson huquqlariga bo‘lgan hurmat pasaygan bo‘lsa, biz tanlab olgan davlatda esa, aksincha, inson huquqlari yaxshilandi. Bu – Malavi davlatidir.

Malavida 2019 yilda prezidentlikka saylov o‘tkazilgach, unda Piter Mutarika yutib chiqadi. Biroq saylov natijalari soxtalashtirilgan edi. Saylovchilar esa «shtrix bilan o‘zlashtirilgan» g‘alabaga qarshi namoyishga chiqdilar va sud saylov natijalarini bekor qildi. Shu yil iyun oyida o‘tgan saylovda oppozitsion partiyadan nomzod Lazarus Chakvera prezidentlikka saylandi.

Malavi – qashshoq, lekin qul emas. Odamlar demokratiya uchun oyoqqa turgan davlat – oldinga tomon eng katta qadam tashlagan davlatdir», – deb yozadi The Economist.

Eslatib o‘tamiz, The Economist 2019 yilda O‘zbekistonni «Yil davlati» deb e'lon qilgandi.

1843 yildan buyon chop etiladigan The Economist hozirda dunyo bo‘ylab har hafta 800 mingdan ortiq nusxada nashr qilinadi.

Mavzuga oid