Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Neshvilldagi portlashdan so‘ng Tennessi gubernatori Trampdan favqulodda vaziyat rejimini joriy etishni so‘radi
Gubernatorning so‘zlariga ko‘ra, hodisa oqibatida kamida 41ta korxonaga zarar yetgan.
Tennessi shtati gubernatori Bill Li shtat poytaxti Neshvill shahrida sodir bo‘lgan portlashdan so‘ng AQSh prezidenti Donald Trampdan favqulodda vaziyat rejimini joriy etishni so‘radi. Bu boradagi murojaat gubernatorning Twitter sahifasida e'lon qilindi.
Lining qayd etishicha, portlash oqibatida zarar ko‘rgan tashkilotlarga sug‘urta to‘lash hamda portlash oqibatlarini bartaraf etish bilan shug‘ullanayotgan xizmatlarni kerakli resurslar bilan ta'minlash uchun shtat hukumatiga federal qo‘llab-quvvatlov zarur.
"Oqibatlarni muvaffaqiyatli bartaraf etish uchun sizdan Devidson okrugida favqulodda vaziyat rejimini joriy etishni so‘rayman", - deyiladi gubernatorning Trampga yo‘llangan murojaatida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hodisa oqibatida kamida 41ta korxonaga zarar yetgan.
Eslatib o‘tamiz, 25 dekabr kuni Neshvill shahri markazida avtomobil portladi. Shahar politsiyasi portlash qasddan amalga oshirilganini ma'lum qildi.