O‘zbekiston | 15:51 / 05.01.2021
9801
3 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekiston fuqarolarining Rossiyaga individual tarzda kirishiga hali ruxsat yo‘q» - Migratsiya agentligi

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi o‘zbekistonlik fuqarolarni Rossiya Federatsiyasiga kiritib qo‘yish va'dasi bilan ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan e'lonlar yuzasidan yana bir bor ogohlikka chaqirdi.

Foto: tvsamara.ru

Agentlik matbuot kotibi Ortiqxo‘ja Norovning ta'kidlashicha, pandemiya sababli o‘tgan yilning mart–aprel oylaridan boshlab xalqaro qatnovlar, shu jumladan, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi muntazam aviaqatnovlarga kiritilgan cheklovlar hamon amalda.

Bu esa o‘zbekistonlik fuqarolarning ayni paytda Rossiyaga individual tarzda kirolmasligini anglatadi.

«Afsuski, vaziyatdan foydalanib, ayrim shaxslar tomonidan fuqarolarni turli asossiz xabarlar bilan chalg‘itish va firibgarlik orqali pul topishga urinish holatlari yuz bermoqda.

Shu o‘rinda yurtdoshlarimizdan Rossiya federatsiyasi hududiga olib kirib qo‘yish xizmatlarini taklif etayotgan shaxslarga ishonmasliklarini va turli yo‘llar bilan ushbu mamlakatga noqonuniy kirib borishga urinmasliklarini tavsiya qilamiz.

Turli soxta hujjatlar bilan chegaralarni kesib o‘tishga urinish O‘zbekiston va Rossiya qonunlariga ko‘ra jinoiy javobgarlikka tortilishga sabab bo‘lishi mumkin.

Rossiyada ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga murojaat qilishlari va ish beruvchilarning tanlovlaridan o‘tgan taqdirda tashkillashtirilgan holda ushbu mamlakatga ishga ketishlari mumkin», – deya ma'lum qildi matbuot kotibi.

Norovning qo‘shimcha qilishicha, ayni paytda agentlik pandemiya davrida xorijda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolarni tashkillashtirilgan holda xorijga ishga jalb qilish maqsadida xorijiy ish beruvchilar va rekruting tashkilotlari bilan muzokaralar o‘tkazmoqda.

«Bu orqali Rossiyaning 30 ta, Qozog‘istonning 52 ta, BAAning 3 ta, Turkiyaning 1 ta va Tojikistonning 2 ta ish beruvchi va rekruting tashkilotlari bilan hamkorlik shartnomalari imzolandi. Bu shartnomalar orqali 64 758ta bo‘sh ish o‘rinlari aniqlangan.

O‘rnatilgan karantin cheklovlari va tartiblariga rioya etgan holda xorijiy davlatlarga o‘rnatilgan tartibda 9 mingdan ortiq yurtdoshlarimiz vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun tashkiliy tartibda ishga jo‘natilgan», – deydi u.

Eslatib o‘tamiz, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi dekabr oyida ham ayni mavzudagi ogohlantirish bilan chiqqan edi.

Mavzuga oid